Kadastr tizimini korrupsiyadan tozalash ishlari boshlangani aytildi
Jamiyat
−
05 noyabr 2020
7588Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda kadastr tizimida korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha ishlarni boshlagan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Qodirov ma’lum qildi.
“Statistik ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2019 yilda Kadastr agentligi xodimlari bilan bog‘liq 30 dan ortiq korrupsion holat aniqlangan. 2020 yil noyabr oyida ushbu holat 21 tani tashkil etmoqda”, dedi Zuhriddin Qodirov.
Ma’lum qilinishicha, korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida komplayens nazorat tizimini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Ushbu tizimni joriy etish orqali kadastr xizmatida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda”, dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Yig‘ilishda mamlakatda yer ajratish va davlat kadastri sohasida bir necha o‘n yillar mobaynida tizimli muammolar to‘planib qolgani, shuningdek, tartib-intizom, hisob-kitob bo‘lmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj bo‘lib ketgan, sohadan aholi ham, tadbirkorlar ham norozi ekanligi aytilgan edi.
LiveBarchasi