Kadastr organlarining ayrim vakolatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi

Jamiyat

image

Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qaytarilmoqda. Shuningdek, kadastr organlarining ayrim vakolatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.

Yer umummilliy boylik, O‘zbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi uzoq yillar davomida ushbu vazifani muayyan darajada bajarib keldi. Lekin, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalarining yagona organda to‘planganligi yer resurslaridan oqilona foydalanishda manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirayotgan edi.

Ushbu farmon, birinchi navbatda, mana shu holatlarga chek qo‘yishga qaratilgan. Kadastr organlari endilikda faqat yerning hisobini yuritish bilan shug‘ullanadi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish, xususan, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash, geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari ularning haqiqiy egasi – Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

er kadastr

Baholaganlar

125

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing