“Quyoshni sog‘ingan yelkalar”. Advokatura sohasida “inqilob” bo‘ladimi?
Tahlil
−
14 aprel 2020
10102Yaqinda bir advokat tanishim bilan ancha suhbatlashib qoldik. U o‘zi bilan bo‘lgan bir qiziq voqeani so‘zlab berdi. Aytishicha, biroz avval uning advokatlik firmasiga xorijlik investor murojaat qilgan. Advokat u bilan shartnoma tuzib, “delo” bilan tanishishni boshlagan. Bu orada investorni bitta kattakon tergov idorasi tergovga chaqirgan. Shunda qiziq voqea sodir bo‘lgan.
Ular ichkariga kirishayotganda nazorat-o‘tkazish postidagi xodim ulardan mobil qurilma va shu kabi texnikalarini topshirishini aytgan. Investor bu holatdan hayron qolgan. Texnikalarini topshirishgach, xodim advokatdan qo‘lidagi soatni video tasvirga olish-olmasligini so‘ragan. Advokat bu oddiygina vaqt ko‘rsatadigan soat ekanligini aytsa-da, xodim undan soatni topshirishi lozimligi, “ichkari”dan shunday buyruq olganligini aytgan. Nailoj qolgan advokat qo‘lidagi soatni ham topshirishga majbur bo‘lgan. Shunda investor advokatga:
“Tergovchi barchasini qonun doirasida olib borayotgan bo‘lsa, nega bizning telefonlardan qo‘rqadi? Yoki tergovning qonun ruxsat bermagan usullarini ham qo‘llashi mumkinmi? Bizning davlatda advokatlarning huquqlari yaxshigina ta’minlangan. O‘zingni, ya’ni advokatning huquqlari ta’minlanmagan bo‘lsa, sen qanday qilib meni himoya qilishing mumkin?”, deb savollar bergan.
Advokat esa nima deyishga hayron bo‘lib qolgan. Nima ham deya olardi?
O‘zbekistonda o‘tgan yillar davomida advokatura sohasiga deyarli ma’lum chegaralar doirasida e’tibor qaratildi. Faoliyat O‘zbekiston Respublikasining 1996 yildagi “Advokatura to‘g‘risida”gi qonuni, 1998 yildagi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonuni kabi sanoqli normativ-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solib kelindi. Yuqoridagi tizim o‘zgarishni boshlagach, sohada haqiqiy islohotlar boshlanmoqda. Bungacha bir qancha davlatlar tajribasi ham o‘rganildi.
Endi advokatlarning oshig‘i olchimi?
Joriy yilning 10 aprel kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Xo‘sh, qanday ijobiy o‘zgarishlar kutilyapti?
Hozirda “Advokatura to‘g‘risida”gi qonun va boshqa hujjatlarda Adliya vazirligining advokatura institutini nazorat qilish va boshqarishga qaratilgan bir qancha funksiyalari mavjud. Yangi hujjat loyihasida bu kabi vakolatlar advokatlarni birlashtirgan institut Advokatlar palatasiga o‘tkazilmoqda. Buni ijobiy baholash kerak.
Shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrdan adliya organlarining advokatlik tuzilmalari tomonidan ta’sis hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ro‘yxatga olish, qayta tashkil etish va tugatish tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari, shu jumladan, ro‘yxatga olish tartibini buzganlik va advokatlik tuzilmalarining ta’sis hujjatlari talablariga rioya etmaganliklari uchun jarimalar undirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi.
Advokatga bo‘lgan yashirin qo‘ng‘iroq voqeasi
Advokatlar va uning yaqin qarindoshlari hayoti ko‘pincha xavf ostida bo‘ladi. Yangi hujjat bo‘yicha advokat va uning oila a’zolari hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini, ularning mol-mulkini davlat tomonidan muhofaza etilishini ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni normativ mustahkamlash va amalga oshirish, shuningdek ularga tajovuz qilinganlik uchun javobgarlikni joriy etish masalasi taklif qilinmoqda. Mansabdor va boshqa shaxslarning advokatlarning kasbiy huquqlarini buzganlik va ularning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarligini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Huquqshunos-jurnalist sifatida jinoyat ishi bo‘ladimi, iqtisodiy yoki fuqarolik ishimi sud jarayonlarida qatnashib turaman. Mana shunday jinoyat ishi bo‘yicha bir sudda qatnashayotganimda, tanaffus vaqtida bir advokat O‘zbekistonda qattiq qo‘riqlanadigan jazoni o‘tash muassasalaridan birida bo‘lgan voqeani aytib bergandi. Voqea taxminan 2013 yilning kuzida sodir bo‘lgan. U mijozini himoya qilish uchun jazoni ijro etish muassasasiga borgan. U yerdagi nazorat-o‘tkazish punktidagi xodimlarga jinoyat protsessual tartib bo‘yicha ichkariga kirishi, mijozi bilan suhbatlashishi lozimligini aytgan.
Ammo u yerdagi xodimlar uning advokatlik guvohnomasini olib, bu haqda ishni ko‘rayotgan tergovchiga xabar qilgan. Uni ikki soatcha sababsiz ushlab turishgan. Axiyri advokat nima sababdan uni mijozining oldiga qo‘yishmayotganini so‘raganida, xodimlar “yuqori”dan buyruq kelgan, advokatni mijozining oldiga qo‘ya olmasligini aytgan. Tez orada ichkarida ushlab turilgan shaxs advokatning ishtirokisiz undan voz kechgan. Keyinroq, advokatga yashirin raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, agar bu ishga yana aralashsa, qizining qayerda o‘qishini aytib, uning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi bilan tahdid qilingan. Ha, advokatlar yillar davomida huquqsizlikdan qiynalib kelishgan. Endi esa vaziyat ijobiy tarafga o‘zgarishi kutilmoqda.
Yangi loyiha bo‘yicha advokatlar qonun ijodkorligi sohasiga ham keng jalb qilinishni boshlaydi. Ular hatto pedagogik faoliyatga ham jalb qilinadi. Advokatlarning kasbiy vazifalarini bajarishi yuzasidan xavfsizligiga tahdidlar tug‘ilsa, buning himoyasi bo‘yicha yangicha mexanizm ishlab chiqilishi aytilgan. Biroq bu mexanizm qanday bo‘ladi, bu haqda to‘liq ma’lumot hozircha mavjud emas.
Jinoiy ishda gumonlanuvchi advokatning uyini tintishda Advokatlar palatasi vakili qatnashadi
Endilikda advokatni majburiy keltirishga, shaxsiy tintuv o‘tkazishga, uning uy-joyi, xizmat xonalarini, yuklarini, shaxsiy va xizmat transport vositalarini ko‘zdan kechirishga, advokatni uning kasbiy faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha so‘roq qilishga, shuningdek uning pochta, kurerlik jo‘natmalarini, telegraf xabarlarini va boshqa xabarlarni nazorat qilishga, axborot tashishning elektron vositalarini ko‘zdan kechirishga va nazorat qilishga, advokatning telefoni va boshqa telekommunikatsion qurilmalari orqali amalga oshirilayotgan so‘zlashuvlarni eshitib borishga, aloqaning texnik kanallaridan advokatga bog‘liq bo‘lgan axborotni olishga yo‘l qo‘yilmasligi qoidalari qonun darajasida belgilanadi.
Ushbu xarakatlar advokat jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilingan taqdirda sudning sanksiyasi asosida amalga oshiriladi. Bunda advokatning uy-joyida, xizmat xonalarida, transport vositalarida tintuv o‘tkazish, ko‘zdan kechirish O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakilining ishtirokida o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining qonun ijodkorligi faoliyatidagi majburiy ishtirokini qonuniy mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi yig‘ilishlarida ishtirok etish huquqi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqi beriladi.
Yangi loyihada O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakilini majburiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a’zoligiga jamoatchilik asosida kiritish rejalashtirilgan. Shuningdek, sudlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat xizmatlari markazlari binolarida advokatlarga bepul taqdim etish asosida ularning kasbiy faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun sharoit yaratish hamda aholining malakali yuridik yordamga kirishini ta’minlash maqsadida alohida xonalar ajratilishi boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida fuqarolar murojaat qilishlari uchun qulay bo‘lgan sud yoki prokuratura markaziy organlari joylashgan joylarda o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan binolar va xonalar bepul asosda taqdim etiladi.
Sohada 1 senyabrdan yana nimalar o‘zgaradi?
Amaldagi qonunga ko‘ra, litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi, shu jumladan advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hay’atida, yuridik maslahatxonada) kamida uch oy muddat stajirovka o‘tagan bo‘lishi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart. Yangi loyihada esa yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab bekor qilinmoqda.
Advokat so‘roviga advokat orderi nusxasini ilova qilish to‘g‘risidagi talab hamda so‘rovda advokatlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi va bir vaqtning o‘zida so‘rovga advokat guvohnomasining ma’lumotlarini kiritish talabi joriy qilinadi. Advokatlik tuzilmalari va yuridik maslahatxonalarni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatishni amalga oshirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
Advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji miqdorini o‘zi kelib murojaat qilganda, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravarigacha va elektron ko‘rinishda murojaat qilganda, BHMning 50 foizigacha kamaytiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalarini ular tomonidan tashkil etiladigan yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish uchun davlat bojidan ozod etiladi. Advokatlik tuzilmalari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq stavkasi 5 foizgacha pasaytiriladi. Hozir bu stavka 12 foizni tashkil qiladi. Bu ham o‘z-o‘zidan soliq tushumini oshiradi. Ya’ni advokat soliq to‘lamaganlikda ayblanishdan ko‘ra, belgilangan va cho‘ntak ko‘taradigan soliq foizini to‘laydi, qutuladi.
Advokat o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari, tashkilotlari binolariga to‘sqinliksiz olib kirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu ham sohada ijobiy o‘zgarish qilishga bo‘lgan dadil qadam hisoblanadi. Yuqorida biz aytgan holatlar soni keskin qisqaradi, tergovchi va boshqa shaxslar belgilangan qonun normalari bo‘yicha harakatlanishga majbur bo‘ladi. O‘z-o‘zidan taqiqlangan tergov usullari ham yo‘q bo‘ladi.
Ayrim to‘lovlar advokatning jami daromadiga kirmaydigan bo‘ladi
Sentyabrdan boshlab advokatlik tuzilmalari tomonidan naqd pulsiz ko‘rinishda amalga oshirilgan quyidagi to‘lovlar advokatning jami daromadiga kirmaydi:
• advokatlar malakasini oshirish hamda advokatlarning ta’limi va kasbiy tayyorgarligi bilan bog‘liq boshqa xarajatlar;
• O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga kirish va a’zolik badallari;
• advokatning hayoti, sog‘lig‘i va fuqarolik javobgarligining sug‘urtasi bo‘yicha xarajatlar;
• advokatning xizmat safari xarajatlarining yoki xizmat safari bilan bog‘liq kompensatsiya to‘lovlarining to‘liq hajmi;
• advokat yoki uning oila a’zolarining sanatoriy-kurort davolanishi, dam olishi, statsionar va ambulator davolanishi uchun xarajatlar, shuningdek ularni qoplab berish qiymati;
• maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim muassasalarida advokat bolalarining ta’limi, ta’minoti bo‘yicha xarajatlar;
• O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va oliy o‘quv yurtlaridagi (o‘zi, shuningdek farzandlari yoki turmush o‘rtog‘i – yigirma olti yoshgacha) ta’lim bo‘yicha xarajatlar;
• advokatlarning o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun (o‘qiydiganlar – o‘n sakkiz yoshgacha) O‘zbekiston Respublikasida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar bo‘yicha xarajatlar.
Yana bir quvonarli holat, advokatlik kasbining obro‘sini oshirish hamda sudlov ish yurituvining ayblov tarafga og‘ishini istisno etishni, qonunlarga qat’iy rioya qilishni, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini hamda sud protsessida tortishuv tamoyilini ta’minlovchi zamonaviy va xaqiqatdan mustaqil bo‘lgan, xar tomonlama kasbiy va xayotiy tajribaga ega bo‘lgan sudyalik korpusini shakllantirish maqsadida, 2025 yil 1 yanvardan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri bo‘lib, advokat sifatida ikki yildan kam bo‘lmagan ish stajining mavjud bo‘lishi belgilanadi.
Xulosa
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbeksiton Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi yodingizda bo‘lsa kerak. Unda davlat rahbari advokatura institutini takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta’minlashni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini aytgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda yosh advokatlar soni sanoqli ekanini tanqid qilib, advokatlar nufuzi va maqomini oshirish, advokatura institutining mustaqilligini ta’minlash shart ekanini tushuntirgandi.
“Yaqin istiqbolda Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish lozim. Hech bir idora advokatlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart. Ayni vaqtda advokatlarga nisbatan qo‘yiladigan malaka talablari ham ushbu konsepsiyada to‘liq aks etishi zarur. Bu borada biz rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganishimiz kerak”, deb aytgandi Prezident.
O‘ylaymizki, yuqoridagi loyiha ham ushbu konsepsiya ishlab chiqilishining debochasi hisoblanadi. Qaror bilan dadil qadam tashlanmoqda. Buni alohida e’tirof etish zarur. Shu bilan birga, advokatura institutining mustaqilligini ta’minlash yo‘lida rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganishni davom ettirish kerak bo‘ladi.