Quyoshda katta portlash sodir bo‘ldi

Bu qiziq

image

Bugun, 31 mayga o‘tar kechasi Quyoshda 2025 yilning eng yirik portlashi ( CME – Coronal Mass Ejection) ro‘y berdi. Ushbu hodisa bevosita Yer tomonga yo‘naltirilgani sababli alohida e’tibor qozondi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar institutidagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu hodisa M8.2 darajasidagi kuchli Quyosh alangasi oqibatida yuzaga kelgan. U Toshkent vaqti bilan soat 05:05 da qayd etilgan.

“Ushbu portlash Quyoshning ko‘rinadigan diskining markazida sodir bo‘ldi. Uning joylashuvi “Quyosh-Yer” chizig‘i bilan deyarli bir tekisda bo‘lgani sababli, Quyoshdan otilgan zarralar Yerni chetlab o‘tishi hatto nazariy jihatdan ham imkonsiz”, deyiladi laboratoriya bayonotida.

Quyosh alangalarining quvvati ularning rentgen nurlanishiga qarab A, B, C, M va X sinflariga bo‘linadi. A0.0 eng zaif, X esa eng kuchli sinf hisoblanadi. Aynan X sinfidagi alangalar Yerda kuchli magnit bo‘ronlariga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hodisalar Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlarning ishlashiga ta’sir qiladi, shuningdek, qutblar atrofida shimoliy yog‘du kuchayishiga olib keladi.

Mutaxassislar ushbu portlash 2024 yil mayidagi eng kuchli Quyosh faolligidan kuch jihatidan ortda qolganini bildirgan. Shunga qaramay, laboratoriya bu holat G4 darajagacha yetadigan magnit bo‘ronlariga sabab bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti. Bu daraja – besh balli maksimal G5 sinfiga bir pog‘ona qolgani bilan ajralib turadi. Ayni vaqtda G5 darajasidagi bo‘ron ehtimoli 2 foizdan oshmaydi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 29 mayga o‘tar kechasi Yerda G darajali magnit bo‘roni boshlangan. “Fobos” ob-havo markazi yetakchi mutaxassisi Mixail Leusning so‘zlariga ko‘ra, buning sababi  Yer yaqinida Quyosh shamoli tezligining keskin oshganidir.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Quyosh magnit bo'roni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing