Quvayt Amiri vafot etdi
Olam
−
16 dekabr 2023
14410Bugun, 16 dekabr kuni Quvayt Amiri shayx Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Quvayt davlat televideniyesi xabar berdi.
Davlat televideniyesi mash’um xabarni e’lon qilishdan oldin Qur’on oyatlari bilan muntazam dasturlarni to‘xtatdi.
“Quvayt davlati Amiri shayx Navaf al-Ahmad as-Sabohning vafoti munosabati bilan biz chuqur qayg‘udamiz”, deyiladi televideniye orqali efirga uzatilgan bayonotda.
Ma’lumot uchun, Shayx Navaf bor-yo‘g‘i uch yil hukmronlik qilgan. U neftga boy mamlakat amiri sifatida 2020 yilda o‘zidan oldingi, marhum shayx Saboh al-Ahmad as-Saboh vafotidan so‘ng qasamyod qilgan.
As-Saboh sulolasi Quvaytni XVIII asr o‘rtalaridan buyon boshqarib keladi. Navaf al-Ahmad al-Jobir bu sulolaning o‘n oltinchi hukmdori va Quvayt Britaniyadan mustaqil bo‘lganidan keyingi oltinchi amir edi.
Navaf Al-Ahmad Al-Jobir As-Saboh 1937 yil 25 iyunda Quvayt poytaxti Quvayt shahrida tug‘ilgan. U Quvaytning o‘ninchi amiri Ahmad al-Jobir as-Sabohning oltinchi o‘g‘li bo‘lgan. 1962-1978 yillarda Navaf Havalli viloyati gubernatori bo‘lgan. Keyin u o‘n yil davomida Quvayt Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan. 2003 yilda yana Ichki ishlar vazirligi rahbari lavozimini egallagan va 2006 yilda bu lavozimni tark etgan. 1988-1991 yillarda Quvayt Mudofaa vaziri bo‘lgan.
Navaf Al-Ahmad Al-Jobir As-Sabohning vafotidan so‘ng, uning o‘rniga hokimiyatga shayx Mishal al Ahmad al-Jobir kelishi kutilmoqda. Hozir u 83 yoshda. U dunyodagi eng keksa valiahd shahzoda hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida Navaf Al-Ahmad Al-Jobir As-Saboh "sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar" tufayli zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi