“Qutqaruv halqasi”: Xitoy Rossiyadan rekord miqdorda neft sotib oldi
Olam
−
26 mart 2020
13526Xitoy Rossiyadan rekord miqdorda 1,6 mln tonna neft sotib oldi. Xomashyo 4 hafta davomida yetkazib berilishi belgilandi. Xitoy rekord darajada xaridi orqali Rossiyaning Urals nefti arzonlashgani va Yevropada talabning tushib ketganidan unumli foydalandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy yanvar oyida ham 1,2 mln tonna miqdorida rossiya neftini sotib olgan.
“Reuters”ning aniqlik kiritishicha, Xitoyning Unipec kompaniyasi mart o‘rtasida 800 ming tonna va aprel boshida 500 ming tonna Urals neftini yetkazib berishga kelishuv tuzgan. Yana bir qancha neftni qayta ishlovchi kompaniyalar ham Urals neftiga buyurtma bergan.
Xitoyga neft yetkazib berishning boshlanishi koronavirus sabab Yevropada talab tushib ketgan va Saudiya Arabistoni narx urushini boshlagan bir vaqtda Rossiya neft sanoati uchun “qutqaruv halqasi” bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Xitoy neft narxi tushib ketganidan o‘zining strategik zahirasini to‘ldirib olishda foydalanib qolishi mumkin.
Buyuk Britaniyaning Wood Mackenzie konsalting kompaniyasining tahlilchilari Xitoyning 2020 yildagi strategik neft zahirasini 1,15 mlrd barrel (156 mln 800 ming tonna. 1 barrel – 0,13 tonna) deb baholaydi. Bu miqdor Xitoyga 83 kunga yetadi. 2019 yilda Xitoyning zahirasi 900 mln barrel bo‘lgan. 2014 yilda esa 200 mln barrel.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda neftga talabning tushishi ortidan “qora oltin” narxi arzonlashib ketgandi. Bundan avvalo Rossiya, Saudiya Arabistoni ham neft gigantlari katta zarar ko‘rayotgandi. Dunyoning ulkan ishlab chiqarish “motori” Xitoyning yana ishga tushishi neft narxiga ijobiy ta’sir qilishi turgan gap.
LiveBarchasi