“Qo‘shni rivojlansa, hammaga yaxshi”. Iqtisodchi Akayevni tanqid qildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov davridagi yopiq siyosat qo‘shni davlatlar tadbirkorlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratganini aytgan edi. Iqtisodchi Behzod Hoshimov ham mazkur fikrlariga javob qaytardi.

Behzod Hoshimov qo‘shni davlatning rivojlanishi barcha uchun foydali ekanini qayd etgan.

“Qo‘shni mamlakat rivojlansa, hammaga yaxshi. Buning ikkita talabi bor: birinchisi qo‘shnilar o‘rtasida yaxshi siyosiy munosabatlar bo‘lishi, ikkinchisi esa ochiq chegaralardir. Shuning uchun, o‘ylaymanki, Karimovning iqtisodiy qarorlari nafaqat O‘zbekistonni qashshoqlashtirdi, balki boshqa qo‘shnilarimizga ham zarar keltirdi”, deb yozgan u.

Ma’lumot uchun, Asqar Akayev 2005 yil 24 mart voqealaridan keyin Qirg‘izistonni tark etgan va o‘sha yilning 3 aprelida rasman iste’foga chiqqan. 2021 yilda u “Qumtor” oltin koni bo‘yicha jinoyat ishi doirasida ko‘rsatma berish uchun Qirg‘izistonga kelgan va o‘shanda loyihani amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun xalqdan oshkora uzr so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ham Akayevning fikrlariga javob qaytargan edi. U O‘zbekistonning yopiq siyosati mamlakatning o‘ziga zarar keltirgani shubhasizligini, ammo bu holat Qirg‘iziston va Qozog‘istonga foyda bergani haqidagi fikr haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing