O‘zbekiston yopilmaganida, Qirg‘iziston ham bugungidan boyroq bo‘lardi – iqtisodchi Akayevga javoban
Jamiyat
−
30 iyun 11056 2 daqiqa
Avvalroq, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov davridagi yopiq siyosat qo‘shni davlatlar tadbirkorlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratganini aytgan edi. O‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Akayevning mazkur fikrlariga javob qaytardi.
Mirkomil Xolboyevning fikricha, O‘zbekistonning yopiq siyosati mamlakatning o‘ziga zarar keltirgani shubhasiz. Ammo bu holat Qirg‘iziston va Qozog‘istonga foyda bergani haqidagi fikr haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Uning yozishicha, davlatlar o‘rtasidagi savdoda asosiy omil nisbiy ustunlik hisoblanadi. Shu bois bir mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi yoki ochiqligi qo‘shni davlatni kambag‘allashtirmaydi. Aksincha, savdo va iqtisodiy integratsiya har ikki tomonga foyda keltiradi.
Iqtisodchi bunga misol sifatida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichlarini keltirgan.
“Masalan, 1996–2016 yillarda Qirg‘izistonda o‘rtacha real iqtisodiy o‘sish 4,6 foizni, aholi jon boshiga nominal daromadlar o‘sishi esa yiliga o‘rtacha 5,3 foizni tashkil etgan. 2017 yildan keyin O‘zbekiston dunyoga ochilganidan so‘ng esa Qirg‘izistonda o‘rtacha real iqtisodiy o‘sish 7,4 foizgacha, aholi jon boshiga daromadlar o‘sishi esa 11,4 foizgacha tezlashgan. Ya’ni Qirg‘iziston tarixidagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish aynan O‘zbekiston ochiq siyosat yurita boshlagan davrga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, bu jarayon O‘zbekistonni ham kambag‘allashtirmagan. Aksincha, 1996–2017 yillarda mamlakatimizda aholi jon boshiga daromadlar o‘rtacha 5,1 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2017 yildan keyin bu ko‘rsatkich 7,4 foizgacha tezlashgan”, deb yozgan Xolboyev.
Mirkomil Xolboyev xulosa qilib, O‘zbekiston mustaqillikdan keyin dunyoga yopilmaganida, katta ehtimol bilan nafaqat O‘zbekiston, balki Qirg‘iziston ham bugungidan boyroq bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Uning fikricha, qo‘shni davlatning yopilishi emas, balki ochiqligi va integratsiyalashuvi butun mintaqa iqtisodiyotining o‘sishiga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Asqar Akayev 2005 yil 24 mart voqealaridan keyin Qirg‘izistonni tark etgan va o‘sha yilning 3 aprelida rasman iste’foga chiqqan. 2021 yilda u “Qumtor” oltin koni bo‘yicha jinoyat ishi doirasida ko‘rsatma berish uchun Qirg‘izistonga kelgan va o‘shanda loyihani amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun xalqdan oshkora uzr so‘ragan.
Live
Barchasi