Qurilish vazirligi belgilangan vazifalarning yarmini ham bajarmagan

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi joriy yilning birinchi yarmida bajarishi kerak bo‘lgan vazifalarning yarmini ham o‘z muddatida bajarmagan. Bu haqda Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisida ta’kidlandi.

Majlisda Qurilish vazirligining hisobot davridagi faoliyati ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, vazirlikka 2019 yilda 33 ta vazifa yuklatilgan bo‘lib, shundan 10 tasini joriy yilning birinchi yarmida bajarish belgilangan.

Ayni paytga kelib ushbu vazifalarning bor-yo‘g‘i 4 tasi bajarilgan. Shaharsozlik norma va qoidalari, shuningdek, davlat standartlarini xatlovdan o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzish, hududiy qurilish organlarining moddiy-texnika bazasini xatlovdan o‘tkazish, hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish ob’ektlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida nizom ishlab chiqish kabi vazifalar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qurilish-montaj ishlari monitoringi va nazoratini kuchaytirish, shaffofligi hamda ob’ektlarning belgilangan muddatda topshirilishini ta’minlashni o‘z ichiga olgan milliy axborot tizimini yaratish va uni bunyodkorlikning barcha jarayonlariga joriy etish bo‘yicha tegishli me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash vazifasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yakunlanmagan. Qolaversa, loyiha tashkilotlari faoliyatini o‘rganish va ular ishini tartibga soluvchi amaldagi me’yoriy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish vazifasi ham bajarilmagan.

Shuningdek, senatorlar bugungi kunda ko‘plab e’tiroz va munozaraga sabab bo‘layotgan qurilish sohasidagi muammo va kamchiliklar, tizimdagi byurokratiya, o‘zlashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga ham urg‘u bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Qurilish vazirligi

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing