Qurilish ob’ektlari loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda yangi usulga o‘tiladi
Jamiyat
−
29 yanvar
6669Qurilishda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashning eski usulidan voz kechilib, yangisi joriy etiladi. Bu haqda Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari "resurs usuli"ga asoslangan.
"Resurs usuli"da 1 ta maktab qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.
"Hajm usuli"da esa pudratchidan yakuniy natija so‘raladi. Muhimi, quruvchi ob’ektni o‘z vaqtida va sifatli topshirsa bo‘ldi.
Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va ob’ektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi.
Endilikda loyiha qilishdan boshlab, ob’ektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi.
Eng avvalo, kelgusi yil 1 yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilishda "resurs usuli"dan voz kechilib, "hajm usuli"ga o‘tiladi.
Bu tartib 1 iyuldan yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinishi belgilandi.
Shuningdek, qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida 1 iyuldan:
- Qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi;
- pudratchi tashkilotlar bajargan qurilish ishlari faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi;
- ob’ektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar "Shaffof qurilish" orqali tasdiqlanadi;
- 10 milliard so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni faqat va faqat "Shaffof qurilish" tizimi orqali tanlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etiladi;
- ishlab chiqaruvchi ham, quruvchi ham, nazorat qiluvchi ham qayerda qaysi qurilish materiali qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim bo‘ladi.
LiveBarchasi