Qurilish maydonlarida havoni ifloslantirganlik uchun javobgarlik belgilandi
Jamiyat
−
04 mart
1442Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda kecha, 3 mart kuni tegishli qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga asosan, o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari (3 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravari (18 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq devorbop materiallardan keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga 2025 yil 1 avgustdan boshlab “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik berilishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi