Benzinga ketib “qaytmaganlar”
Jamiyat
−
14 dekabr 2023
19823Har sovuqda shu bo‘lar takror. "Hududgazta’minot" dekabr oyining o‘zida gaz zapravkalarining ish vaqti dastlab 6:00 dan 15:00 gacha, oradan 4 kun o‘tib esa 12:00 gacha qisqartirilganini ma’lum qildi. Kuni kecha esa respublika bo‘ylab mavjud shoxobchalarning yarmidan ko‘pi aholiga gaz yetkazish maqsadida yopildi. Shunga qaramay, yopiq gaz shoxobchalarida ochilib qolar, degan umid bilan navbat kutayotganlar ham yo‘q emas.
“O‘zi mashinam gazda yuradi. Lekin gaz ikki kundan beri yo‘q. Shuning uchun noiloj benzinga keldim. Benzinga ham, ko‘rib turibsiz, katta navbat bor. 4 soat avval kelganman. Gaz “zapravka”lar 3 kun ishlamaydi, deb “quloqqa tepishyapti”. Lekin aniq bilamiz, 3 oy ishlamaydi. O‘tgan yili ham shunaqa deyishgandi. Gazni hal qilib beramiz, “zapravka”lar muntazam ravishda ishlaydi, deb yozdan beri xalqni aldab kelishyapti. Samolyotning benzinini bekorga ketkazib, borib shartnomalar tuzib kelishyapti. Bular uchun davlatning puli ketadi. Hech nima tuzmagan, hech nima qilmagan, mana. Xalq gaz olaman, deb qiynalib yotibdi. Menda pul bor ekan “polniy bak” quydim. Lekin odamlar puli yetmagani uchun 50 mingga 10 litr benzin quydiryapti. Lekin bu benzin 1 kunga ham yetmaydi”, deydi hech qayerdan gaz topolmay, kelib benzin uchun navbatga qo‘shilgan haydovchilardan biri.
Gaz “zapravka”larining yopilishi ortidan benzin quyish shoxobchalarida ham turnaqator navbatlar yuzaga kela boshladi. Odamlarning aytishicha, ular har kuni 3-4, hatto 5 soatlab vaqtini navbat kutish bilan o‘tkazyapti.
“Nima ahvol bu? Kecha gazda 3 soat turdim, benzinga kelib yana 3 soat turdim. Ishonasizmi, ko‘chada qolmaslik uchun 11, 500 so‘mdan 2 litr benzin olib, uyga yetib oldim. Endi davlat odamlarning qadriga ham yetishi kerak-da! Bu nima degan gap? Hamma narsa bo‘lishi kerak. Prezidentimiz ham benzinimiz bor, gazimiz bor, dedi-ku, axir. Bugun ham saharlab chiqqanman. Gaz qidirdim, hech qayerda yo‘q. Keyin benzinga keldim. Benzonasoslar suvga yopishib, sovuqda qotib qolyapti. Bu benzinmi, suvmi bilib bo‘lmayapti. Hurmatli rahbarlar ham sal ko‘zini ochib, xalqni o‘ylasa, yomon bo‘lmasdi”, deydi boshqa bir haydovchi.
Respondentlarning so‘zlariga ko‘ra, odamlar yarim kechasi shirin uyqusidan kechib, shoxobchadan joy olish uchun kelyapti. Navbat yetguncha mashinalarning yonilg‘isi tugab, qatorda o‘chib qolayotgan yoki endi yetdim deganda, benzini tugab qolayotgan holatlar ham bo‘lyapti.
“Mana hozir mashinam o‘chdi, yurmaydi. Qayerga boraman endi. Orqamda shuncha odam kutyapti. O‘t oldirish uchun ham, benzin kerak. Mana o‘chdi”, deydi so‘nggi yonilg‘isi bilan shoxobchaga yetib kelgan haydovchi.
Shuningdek, benzin yetmay qolgan odamlar xususiy shoxobchalardan qimmat narxda yonilg‘i sotib olishga majbur bo‘lyapti.
“Benzin mana hozir arzon – 6 ming so‘m. Lekin bu ham 1 soat ichida tugaydi. Keyin odamlar xususiy shoxobchalarga borib, 8 minglik qimmat benzindan olishga majbur bo‘ladi. 8 mingdan quydirmaslik uchun odamlar 2-3 soatlab “ochert”da turib, shu yerdan benzin olyapti”, dedi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.
“Hududgazta’minot” gaz to‘ldirish shoxobchalarning yopilishini, eng avval, maktab, shifoxona va aholi xonadonlariga gaz yetkazib berish choralari ko‘rilayotgani bilan izohlagandi. Ammo odamlarning hammasi ham uyidagi gaz ta’minotidan mamnun emasligini bildirdi.
“Uy ham sovuq. Gaz umuman yo‘q. Kecha “svet” ham o‘chdi. Na gaz, na elektr bor. Ishonasizmi, kecha isinish uchun mashinada o‘tirdik. Sizga yolg‘on bo‘lsa, Xudoga chin”, dedi bir necha soatdan beri navbatda turgan respondentlardan biri.
Odamlarning hammasi ham baribir foyda bo‘lmasligini aytib, savollarimizga javob berishni istamadi.
“Gapirgandan foyda yo‘q. Aytadiku, ursa eti qotadi, gapirsa beti qotadi, deb. Bularga hech nima ta’sir qilmayapti”, deydi navbatda turib, xunob bo‘lgan suhbatdoshlarimizdan biri.
Bugun dunyo aholisi robotlar yaratayotgan, oyga raketalar uchirayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda odamlar hali ham gaz, elektr, benzin dardida andarmon bo‘lyapti. Xo‘sh, siz-chi, bir kunda qancha vaqtingizni “zapravka”larda navbat kutishga sarflayapsiz? Izohlarda yozib qoldiring. QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting!
LiveBarchasi