Bu aholining yuziga tushirilgan zo‘r tarsaki bo‘ldi - Olimjon O‘sarov

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha, 16 oktyabr kuni Transport vazirligi Toshkentda jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar niqob bilan birga majburiy ravishda qo‘lqop ham kiyishi tartibi o‘rnatilganini e’lon qildi. Kutilmaganda tomdan tarasha tushgandek aytilgan bu talab odamlarning tabini tirriq qilmay qolmadi. Nega deysizmi? Chunki transportga minish uning yo‘l haqidan qimmatga tusha boshladi-da. 

Vazirlikning yangi qoidasiga sobiq deputat, jurnalist Olimjon O‘sarov o‘z munosabatini bildirib o‘tdi. U vazirlikning yangi cheklovini pandemiya va karantin sabab iqtisodiy ahvoli battar qiyinlashib qolgan aholining yuziga tushirilgan zo‘r tarsaki bo‘ldi, deb baholagan.

“Noiloj, ehtiyot bo‘ling azizlar, yana reydlar, poylashlar va jarimalar boshlandi!”, deydi O‘sarov. Uning bunday deyishiga asos ham yo‘q emas.

Kecha vazirlik qo‘lqop qoidasini e’lon qilganda maxsus ishchi guruhi transport infratuzilma ob’ektlari va jamoat transportida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlarini o‘tkazishini ham qistirib o‘tgandi.

“Boshqacha aytganda, tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lmaganlarni ushlab olishsa, ahvoliga voy!”, deya odamlarni ogohlikka chaqirgan Olimjon O‘sarov.

U so‘zida davom etib, karantin cheklovlarini belgilab kelayotgan Respublika maxsus komissiyasi qarata shunday deydi:

“Eh, hurmatli komissiya a’zolari! O‘zingiz jamoat transportida yurmaysiz-da. Hattoki, jamoat transportidan kim foydalanishini ham bilmaysiz. 

Ular — Sizdagi kabi xizmat mashinasi yo‘qlar, taksida ham “katatsa” qilish imkoni bo‘lmagan hamshaharlarimiz. Aslida, ular 2 soat ishlatishi lozim bo‘lgan tibbiy niqobni yuvib-yuvib, bir necha kun ishlatib yurgan odamlar. Endi ularga tibbiy niqob bilan birga tibbiy qo‘lqopda bo‘lishni majbur qilyapsiz.

Aslida bir dona tibbiy qo‘lqop qancha tushirishini bilasizmi? 5 farzandi jamoat transportida maktab va institutga qatnaydigan ota bir kunda necha so‘mlik tibbiy qo‘lqop xarid qilishi kerakligini-chi? Va eng muhimi, uni olib berolmasligini-chi?

Shu paytgacha qabul qilingan qarorlarni eslang! Avval uyda o‘tir, deyildi, ko‘chaga chiqqanlar jarimaga tortildi. Keyin ko‘chaga chiqinglar, uyda yuqish xavfi balandroq, dedi janob Nurmatov.

Dastlab hamma joyda xlorli dizenfeksiya koridorlari o‘rnatish talab etildi. Millardlab mablag‘ sarflanib, kordidorlar o‘rnatilgach esa, bu samarasiz vosita, uni yo‘qotinglar, deyildi. 

Endi navbat tibbiy qo‘lqop biznesiga keldimi, janoblar?!”

P.S.: Olimjon O‘sarovning aytganlari, afsuski, ko‘z o‘ngimizda o‘tgan 5-6 oy ichida yuz berdi. Bu ishlarning boshida turganlar esa xatosini tan olishni istamayapti ham. Aksincha, zo‘rma-zo‘raki yangi talablar o‘ylab topilyapti, uning asosliligi tushuntirilmayapti ham. Balki bu talablar ortida ijtimoiy tarmoqlarda yangrayotganidek kimlarningdir manfaati yotgan bo‘lsa ne ajab.


Maqola muallifi

Teglar

Olimjon O'sarov

Baholaganlar

1402

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing