Ilk o‘zbek qo‘mondonining 1 asrlik marshi qayta tiklandi (video)
Jamiyat
−
28 dekabr 2024
18215O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Rossiya davlat arxividan ilk o‘zbek qo‘mondoni Mirkomil Mirsharopovning milliy diviziyasiga tegishli jadidlar muallifligidagi marshni olib keldi. Bu haqda kecha, 27 dekabr kuni Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan press-turda axborot berildi.
Mudofaa vazirining vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon O‘sarovning aytishicha, jadidlar O‘zbekistonning mustaqilligi yo‘lida eng birinchi bo‘lib mamlakat qurolli kuchlarini Ittifoq tarkibidan alohidalashni istagan va o‘zbek askarlari bilan vatanparvar marsh kuylagan.
“Birinchi o‘zbek qo‘mondoni Mirkomil Mirsharopov diviziyasiga atab 1922 yilda maxsus marsh yaratilgan. Bugun bu marsh yaratilganiga 102 yil bo‘ldi. O‘sha paytda bu marsh bolalar va o‘smirlar o‘rtasida madhiya sifatida ham ijro ettirilgan”, dedi O‘sarov.
Ammo bundan xabar topishgach, 1937 yilda o‘zbek qo‘mondoni Mirsharopov o‘zbek diviziyasini milliylashtirish va bu diviziya yordamida O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olishga uringan degan standart gumon bilan ayblanib, hibsga olinadi. 1938 yil 4 oktyabrda esa o‘lim jazosiga hukm qilinib, qatl etiladi. Shundan so‘ng bu marshni kuylash taqiqlanib, butkul unuttirilgan.
Oradan 86 yil o‘tib qayta tiklangan o‘zbek armiyasi marshi to‘liq emas. Bunga sabab Rossiya davlat arxivining marsh matnini mukammal shaklda bermaganidir.
“Rossiya davlat arxivi mazkur marshning to‘lig‘ini emas, faqat bir parchasi matnini bergani uchun Mudofaa vazirligi qisqa bo‘lsa-da marshni tiklashga muvaffaq bo‘ldi”, dedi maslahatchi.
Mazkur marshning tahminiy matni quyidagicha:
Qilichi zo‘r davralar ko‘rgan
Do‘stlarimiz qudrati uchun
Jang yillari o‘ngib ketgan
Bayrog‘imiz shuhrati uchun
Qo‘mondonlar
Vatan uchun bo‘lsam halok
Qo‘mondonlarimga ta’zim beringiz
Qabrim uzra o‘yingiz mudom
Taniqli bo‘lsin ko‘mgan yeringiz
Ma’lumot uchun, Mirkomil Mirsharopov 1900 yilda tug‘ilgan. Ilk o‘zbek harbiy sarkardasi, o‘zbek milliy qo‘shin tashkilotchilaridan biri. Yangi usuldagi maktabda, so‘ng rus-tuzem maktabida (1914) o‘qigan. 1917-1918 yillarda Toshkentga kelib, Eski shahar o‘zbek jangovar qismida jangchi bo‘lgan. Osipov isyonini bostirishda faol ishtirok etgan (1919). Toshkentda sakkiz oylik qo‘mondonlar tayyorlash kursida o‘qigan va Aktyubinsk frontida xizmat qilgan (1919). Turkiston qamalini yorib o‘tish ishtirokchisi. Turkiston alohida musulmon eskadronini shakllantirish boshlig‘i (1920), Xorazm Xalq respublikasi harbiy komissari (1920) va harbiy noziri va Xorazm Harbiy inqilobiy kengashi raisi (1920 yil, apreldan), shuningdek, Xorazm otliq polki qo‘mondoni Mirkomil Mirsharopov Xorazmda milliy qo‘shin tuzishga harakat qilgan. U milliy boyliklarni tashib ketilishiga qarshilik ko‘rsatgan. Turkman qarshilik ko‘rsatish harakati boshlig‘i Junaidxon bilan “Birlik shartnomasi”ni imzolagan (1921). Shundan so‘ng aksilinqilobiy harakatda ayblanib, ishdan chetlashtirilgan.
Ammo ko‘p o‘tmay, u Buxoro respublikasi Harbiy noziri (1924 yil oxirigacha) sifatida xizmat qilgan. Mirsharopov Moskvada harbiy akademiyada tahsil olgan (1925-1929), Samarqanddagi Alohida o‘zbek otliq askarlar polkining qo‘mondoni va komissari (1929-1932), 19-tog‘li otliq o‘zbek diviziyasi qo‘mondoni va komissari (1932-1935), Mo‘g‘ulistonda harbiy attashe (1935), Shimoliy Kavkaz tog‘ xalqlari harbiy okrugi Alohida otliq brigadasi qo‘mondoni va komissari (1936-1937), O‘zbekiston MIQ va O‘zbekiston Kompartiyasi a’zosi bo‘lgan. U Kombrig (General) harbiy unvoniga ega bo‘lgan.
1937 yilda Mirkomil Mirsharopov NKVD tomonidan qamoqqa olingan va 1938 yilda Maykop shahrida shafqatsizlarcha qatl qilingan.
LiveBarchasi