Qo‘qondagi bozorda sotuvchilar janjallashdi
3-sahifa
−
23 iyun 2023
12125Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi kiyim-kechak bozori hududida sotuvchilar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 21 iyun kuni Qo‘qon shahridagi kiyim kechak bozori hududida joylashgan do‘konlardan birining ish boshqaruvchisi 1990 yilda tug‘ilgan ayol do‘kon oldida sotuvchilik qilayotgan 41 va 35 yoshli er-xotinga mazkur hududda savdo qilmaslikni aytgan. Ikki tomon bir-birini haqorat qilishi oqibatida janjal kelib chiqqan. Tortishuvga ularning qarindoshlari ham qo‘shilgan.
Shuningdek, ertasiga, 22 iyun kuni shu do‘konning 1989 yilda tug‘ilgan egasi va uning ikki sherigi do‘kon oldida kiyim sotayotgan 47 yoshli ayol va uning 14 yashar o‘g‘li do‘konning kirish qismini to‘sib qo‘yayotganini vaj qilib, ular bilan janjallashgan. Janjal davomida ayolning voyaga yetmagan o‘g‘liga jarohat yetkazilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan. Tartibbuzarlikka aloqador barcha fuqarolarning shaxslari aniqlangan va tergovga jalb etilgan. Voyaga yetmagan bolaga jarohat yetkazilishi holati bo‘yicha sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
“Bu kabi huquqbuzarliklarning takrorlanishini oldini olish maqsadida Qo‘qon shahar hokimligi, bozor ma’muriyati hamda shahar IIBning mas’ul xodimlari tomonidan bozor hududidagi do‘konlar hamda vaqtinchalik yoyma savdo rastalarida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar orasida profilaktik tushuntirish ishlari o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.