Qo‘qonda noma’lum shaxslar sog‘lom chinorni kesib ketdi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahar 51-mavzesida sog‘lom chinor daraxti hech qanday asossiz kesilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyat Ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqdagi xabarga ko‘ra, shu kunning o‘zida Farg‘ona viloyat prokuraturasi, viloyat Ekologiya boshqarmasi Qo‘qon shahar bo‘limi hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahar “Zilol” MFY A.Xo‘qandiy mavzesi 53-ko‘p qavatli uylar joylashgan hududda o‘rganish nazorat ishlarini olib borgan.

O‘rganishda haqiqatdan ham hududda noma’lum shaxslar tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz ko‘p yillik chinor daraxtining tagidan yarim qismiga qadar arralab ketilgan holati aniqlangan. Holat yuzasidan tegishli tashkilot xodimlari ishtirokida tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, dalolatnoma tuzilgan hamda  117 mln so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan.

“Har qanday huquqbuzarlikning tepasida kimdir rahnamolik qiladi. Ba’zida oddiy ishchi kimningdir topshirig‘i bilan qonun buzilish holatini sodir etishi natijasida o‘ziga va jamiyatga zarar yetkazib qo‘yishi afsuski juda achinarli”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, holatga asosan to‘plangan hujjatlar  Qo‘qon shahar prokuraturasiga taqdim etilib, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar o‘rganish ishlari davom etmoqda. O‘rganish ishlari yakunlangandan so‘ng, bu haqda yana qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqand viloyati Toyloq tumani “Xo‘jayuz” MFYda joylashgan  mahalla hovuzi atrofidagi bir tup ko‘p yillik o‘sib turgan chinor daraxti shu mahallada yashovchi fuqaro S.R. tomonidan hech bir ruxsatlarsiz noqonuniy ravishda kesib tashlagani va tabiatga 115 125 000 so‘m zarar yetkazgani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona Qo'qon chinor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing