Qrim Rossiyada qoladi va Zelenskiy ham buni tushunadi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tugaganidan keyin ham Qrim Rossiyaning nazorati ostida qolishini aytdi. Bu haqda u “Time” jurnaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz Qrim haqida gapirishga majburmiz, chunki uni doim tilga olishadi. Qrim Rossiyada qoladi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham buni tushunadi. Barchaga ayonki, Qrim uzoq vaqt Rossiya bilan birga bo‘lgan”, dedi AQSH Prezidenti.

Shuningdek, Tramp hali ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan tinchlik kelishuviga erishish mumkinligiga ishonishini ta’kidlagan.

“Bizning Moskva bilan juda yaxshi muzokaralarimiz bo‘ldi va biz kelishuvga erishishga juda yaqin turibmiz”, dedi u.

“Time” jurnalisti unga prezidentlikning birinchi kunidayoq Rossiya-Ukraina urushini tugatish haqidagi va’dasini eslatdi. Tramp esa bunga javob berdi.

“Men buni obrazli ma’noda va fikrimni keskinroq ifoda etish uchun bo‘rttirib aytdim… Albatta, odamlar, buni hazil sifatida qabul qilgan. Lekin men shuni ham aytmoqchimanki, bu urushga nuqta qo‘yiladi”, deydi AQSH yetakchisi.

Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish istagi haqida gapirar ekan, Tramp bu rejaning amalga oshishini imkonsizga yaqin deb baholagan.

“Menimcha, urushning boshlanishiga aynan shu sabab bo‘lgan – ukrainaliklar NATOga kirish haqida gapira boshlaganida. Agar ular bu masalani ko‘tarmaganida, urush boshlanmasligi ehtimoli ancha yuqori bo‘lardi”, dedi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘arb ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib, AQSHning “tinchlik rejasi” doirasida berilgan takliflar Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish va joriy front chizig‘ini muzlatishni o‘z ichiga olishini yozgan edi.

Keyin esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qrimning bosib olinishini yuridik jihatdan tan olmasligini, bu mamlakat Konstitutsiyasiga zidligi va Ukraina xalqining hududi ekani haqida bayonot bilan chiqdi. Ukraina Prezidenti o‘z publikatsiyasiga Trampning birinchi ma’muriyatidagi davlat kotibi Mayk Pompeo tomonidan 2018 yilda imzolangan Qrim deklaratsiyasi – Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishini tan olmaslik haqidagi bayonotni ham ilova qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Ukraina Qrim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing