Qozoqlar To‘qayevga qarshi chiqqan Qodirovga tarixni eslatib qo‘ydi 

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 1944 yilda yarim million chechenlar Qozog‘istonga deportatsiya qilingani, ularni qozoqlar ochlikdan va sovuqdan qutqarib qolganini unutib qo‘yibdi. Bu haqda qozog‘istonlik jurnalist Sergey Ponomaryov Facebook sahifasida yozib qoldirgan. 

Shu tariqa, jurnalist Ramzan Qodirovning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlar, xususan, Qozog‘iston Ukrainadagi harbiy mojaro bo‘yicha hech qanday pozitsiyaga ega emasligi, mamlakat G‘arb sanksiyalaridan qo‘rqib, Moskvaning tarafini tutmayotgani, shuningdek Rossiya Qozog‘istonni qanday qilib balolardan qanday qutqarganini unutgani haqidagi so‘zlariga javob qaytargan. 

“Kelajak avlodning bunday past xotiraga ega bo‘lishini kutmagan edim. Sovet hukumati rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, 1944 yil fevral oyida ishonchsiz va Gitler tomoniga o‘tishga tayyor bo‘lgan deyarli 500 ming chechenlar vagonlarda Qozog‘istonga oziq-ovqat va issiq kiyimsiz jo‘natilgan", deydi Ponomaryov.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, chechenlar Qozog‘istondan Vatanlariga qaytgan kun u Grozniyda bo‘lgan. 

“Uyga birdek, ko‘zlarida yosh bilan qaytganlar qozoqlar haqida shunday iliqlik, minnatdorlik va hurmat bilan gapirishdi! Qozoqlar qishda chechenlarning ochlikdan o‘lishlariga yo‘l qo‘ymadilar. Ular o‘zlarining nonlarini ikkiga bo‘lib, chechen bolalariga berishdi, ularga o‘z kulbalarida boshpana berishdi", deydi Ponomaryov.

Jurnalist shuningdek, Chechenistonning birinchi Prezidenti Johar Dudayev o‘z intervyularidan birida Qozog‘iston chechenlarning ikkinchi vatani ekanini aytganini eslagan. Shuningdek, Ponomaryov chechenlardan Ramzan Qodirovga tarixni yodga solib qo‘yishni so‘ragan. 

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR)ni tan olmasligi va ularni kvazi-davlatlar deb hisoblashini ma’lum qilgandi. 

Shundan so‘ng, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Rossiyaga hech qanday foydasi tegmasligi, biroq Moskva hammaga yordam berishini, xususan, Rossiya Qozog‘iston va Belarusni qutqarib qolganini aytgandi. 

“Yevropa yetakchilari [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putinning oldiga keladi, telefon orqali muzokaralar olib boradi, ular Ukraina manfaatlarini himoya qiladi, bizning KXSHT a’zolarimiz, nega jim turasiz? Nega qo‘shnilaringiz haqida gapirmaysiz, nega urushni tugatishga harakat qilmaysiz? Nega ajdodlarimizni o‘ldirgan fashistlarga, banderalarga qarshi pozitsiyangiz yo‘q. Xuddi, hech narsa bo‘lmagandek, sanksiyalardan qo‘rqib, hamma jim”, deya KXSHT rahbarlarini tanqid qilgan Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealarni tinchitish uchun To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kuchlarining mamlakatga kirishini so‘ragan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

943

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing