Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi xorijiy OAVni vaziyatni bir taraflama yoritishda aybladi

Olam

Ma’lumki, Qozog‘istonning turli hududlarida 2 yanvar kuni boshlangan namoyishlar yirik qo‘poruvchilik harakatlariga aylanib ketdi. Mamlakatda xavfsizlik va siyosiy boshqaruv izdan chiqdi. Keyinroq, talato‘plar KXSHT va kuchishlatar tuzilmalar ishtirokida bostirildi. Huquq-tartibot organlari hozirgacha 10 mingdan ortiq kishini qo‘lga oldi. Ular orasida xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, qo‘shni davlat fuqarolari ham borligi aytilmoqda. 

Bugun, 11 yanvar kuni Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing bo‘lib o‘tdi. Unda QALAMPIR.UZ muxbiri ham ishtirok etdi. Brifingda elchi Darxan Satibaldi so‘z olib, Qozog‘istonda ro‘y bergan voqealar va bugungi vaziyat xususida gapirdi. U shunday deydi: 

“Bugun men Qozog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealar haqida fikr bildirmoqchiman. Ayrim xorij ommaviy axborot vositalari xabarlarni kuzatar ekan, Qozog‘istondagi mavjud vaziyatni biryoqlama yoritmoqda. KXSHT kuchlaridan foydalanish ham, rasmiylarning sodir bo‘layotgan voqealarga munosabati ham noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. 

Bo‘lib o‘tgan voqealar ko‘p qirrali edi. Sof iqtisodiy talablar bilan boshlangan namoyishlar terrorchi guruhlar tomonidan mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga putur yetkazish uchun foydalanilgan. 

2022 yil 2 yanvar kuni Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gazning chakana narxlari litri uchun o‘rtacha 60 tengedan 120 tengega oshishiga qarshi namoyishlar boshlandi. 

Namoyishchilar ularni avvalgi darajaga tushirishni, qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishni talab qilishdi. 

Namoyishlar to‘lqini boshqa bir qator shaharlarga ham tarqaldi. Qozog‘iston Prezidenti gaz narxi oshishiga qarshi mitinglar vaqtida fuqarolarni provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirdi. 

Aksiya ishtirokchilari bilan muloqotni davom ettirish va yuzaga kelgan muammoga yechim izlash uchun Qozog‘iston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, Davlat komissiyasi tuzilib, namoyishchilar talablarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika shtabi tuzildi. 

4 yanvar kuni hukumat gaz narxini 50 tengega tushirish choralarini ko‘rdi, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i-moylash materiallari va kommunal xizmatlar narxlarini oshirishga moratoriy joriy qildi. 

Shuningdek, suyultirilgan gazni ulgurji sotuvchilarga nisbatan narx-navo o‘zaro til biriktirganlikda gumon qilinib, tergov harakatlari boshlangan. 

5 yanvar kuni davlat rahbari Qozog‘iston hukumatini iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Bu harakatlar aniq siyosiy iroda va kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilishga sodiqligini namoyish etdi. 

Davlatimiz rahbarining jamoat tartibini saqlashga qaratilgan bir necha bor chaqiruvlariga qaramay, bir qator yirik shaharlardagi norozilik namoyishlari buzg‘unchi unsurlar tomonidan vaziyatni keskinlashtirish, zo‘ravonlik harakatlaridan foydalanildi. 

Shu munosabat bilan Prezident butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi. 

Biroq ko‘rilgan choralarga qaramay, zo‘ravonlikning yanada kuchayishi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ochiq qarshilikka aylandi, ma’muriy muassasalar, ichki ishlar bo‘limlari, tinch aholi, jumladan, tibbiyot xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar va jurnalistlarga ommaviy qurolli hujumlar qilindi. 
 
Aytish joizki, agar dastlabki kunlarda namoyishlarda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy talablar bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik tinch yo‘l bilan o‘tkazilgan namoyish hech qanday tushunarli talablar qo‘yilmagan holda qurolli to‘qnashuvga aylanib ketdi. Favqulodda holat talablari inobatga olinmadi. Tinch aholi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid, shuningdek, strategik ob’ektlarda qo‘poruvchilik tahdidi yaratildi. 

Eng qiyin vaziyat Olmaota shahrida vujudga keldi. 5 yanvar kuni Olmaotada ma’muriy va harbiy ob’ektlarga hujumlar uyushtirilgan, aeroport egallab olingan, yo‘lovchi va yuk samolyotlari ushlab turilgan. Olmaota ichki ishlar departamenti binosi atrofidagi jang ikki kecha davom etdi. 

Mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Kemalovich To‘qayev egalladi. 6 yanvar kuni u mamlakatda milliy xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish hamda Qozog‘iston fuqarolarining hayoti va mulkini himoya qilishga qaratilgan aksilterror operatsiyasini boshlashga buyruq berdi. 

Vaziyat tahlili shuni ko‘rsatdiki, Qozog‘iston yaxshi muvofiqlashtirilgan terroristik guruhlar tomonidan qurolli tajovuzga uchragan, ular orasida xorijiy jangchilar ham bor. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilganlarning bir qismi radikal islomiy guruhlar tomonida “qaynoq nuqtalar”da jangovar qatnashish tajribasiga ega. 

Terrorchilar harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari kiyimlarini kiyib, o‘zlarining aloqa vositalaridan foydalanganlar. Tartibsizliklar bir vaqtning o‘zida respublikaning 11 viloyatini qamrab olgan, bu esa Olmaotada xavfsizlik choralarini kuchaytirishga imkon bermagan. Terrorchilar Qozog‘iston poytaxtiga zarba berish uchun huquq-tartibot kuchlarini siqib chiqarishga umid qilishgan. 

Vaziyatni xolisona baholagan davlat rahbari Kollektiv xavfsizlik shartnomasining 2 va 4-moddalariga tayangan holda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarga respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish uchun tinchlikparvar kuchlarni yuborishini so‘rab murojaat qildi. 

Tinchlikparvar kuchlarning mandati Nur-Sulton, Olmaota viloyatidagi strategik ob’ektlarni qo‘riqlashni o‘z ichiga oladi. Terrorchi guruhlarga qarshi harakatlar huquq-tartibot idoralari va Qozog‘iston Qurolli kuchlari tomonidan olib borilmoqda. 

KXSHTning kollektiv kuchlari vaqtincha Qozog‘iston hududida bo‘lib, vaziyat barqarorlashganidan keyin mamlakatni tark etadi. 

Afsuski, huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiy xizmatchilar orasida ham, tinch aholi orasida ham qurbonlari bor. Xavfsizlik kuchlaridan 16 kishi halok bo‘ldi va 1300 kishi yaralandi. Qurbonlarning umumiy soni aniqlanmoqda. 

Bu biz, qurbonlarning yaqinlari va butun qozoq xalqi uchun juda katta fojia”. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Nur-Sulton qurbonlar Olmaota Qosim-Jomart To'qaev KXShT

Baholaganlar

150

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing