Qozog‘istonliklar poytaxt nomini o‘zgartirishga qarshi petitsiya e’lon qildi
Olam
−
22 mart 2019
9978Avvalroq, Qozog‘iston Parlamenti mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning poytaxt Ostona shahrini Nur-Sulton deb o‘zgartirish taklifini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar bergan edik.
Parlament qaroridan keyin Qozog‘istonliklar mamlakat poytaxti Ostona shahrining nomini o‘zgartirishni qoralovchi petitsiyani e’lon qildi. Tarmoqlarda tarqalgan jamoaviy murojaat ikki kun ichida 42 mingdan ortiq ovoz to‘pladi.
Petitsiya mualliflari prezident Qosim-Jomart Toqayev, Parlament va yetakchi “Nur Otan” partiyasi a’zolaridan poytaxt nomini qonuniy tarzda xalq bilan muhokama qilmasdan o‘zgartirmaslikni talab qilyapti.
Murojaatda poytaxt nomini o‘zgartirmaslik uchun uch sabab keltirilgan:
1. Ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy yordam va boshqa sohalarda moliyaviy yetishmovchilik mavjud bo‘lib turganda, poytaxt nomini o‘zgartirish yana ko‘plab mablag‘ talab qiladi. Oddiy yozuvlarni almashtirishdan tortib, navigatsion tizimlar va xalqaro shartnomalarda poytaxt nomini o‘zgartirish byudjetdan ko‘plab mablag‘ talab qiladi.
2. Ostona shunchaki shahar emas, balki poytaxt ko‘chirilgandan keyin (1997 yil 10 dekabrgacha Qozog‘iston poytaxti Olma ota shahri bo‘lgan) yaqin-yaqindan xalqaro arenada tanila boshlagan brend hamdir.
3. Poytaxt nomini o‘zgartirish butun xalq muhokamasidan o‘tishi kerak bo‘lgan muhim masala. Qaror adolatli va ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 mart kuni Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqach, uning o‘rnini Senat raisi Qosim-Jomart Toqayev egalladi.
LiveBarchasi