Qozog‘istonlik jurnalistlar Rossiyaning “qora ro‘yxati”ga tushdi
Olam
−
19 may 2025 6710 2 daqiqa
Qozog‘istonlik jurnalistlar Irina Mednikova, Lukpan Ahmadyorov va Raul Uporovlarga Rossiyaga kirishga ruxsat berilmadi. Bu haqda ular o‘zlarining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Mednikovaga ko‘ra, u hech qanday muammosiz chipta sotib olgan va aeroportga borgan. Biroq ro‘yxatdan o‘tish stolida unga bundan keyin uning Rossiyaga uchishi taqiqlangani ma’lum qilingan.
“Aeroport xodimlari bu holat birinchisi emasligini, shunga o‘xshash bir necha holatlar bo‘lganini aytishdi. Hatto, shunchalik ko‘payib ketgan-ki, Rossiya tomoni barcha kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatini e’lon qiladigan veb-sayt ishlab chiqayotgan emish”, deb yozadi jurnalist.
Jurnalist Lukpan Ahmadyorovning so‘zlariga ko‘ra, u va hamkasbi Raul Uporovga Rossiyaga 50 yilga kirish taqiqlangan. Bu haqda ular sobiq rossiyalik hamkasblaridan bilib olgan.
“Bu taqiqning asosida o‘sha “chet ellik agentlar” ro‘yxati yotgan bo‘lishi mumkinmi? Uni bizga hech qanday ta’siri bo‘lmaydi, deb ishontirishgan edi, lekin undan ham siyosiy usul sifatida juda yaxshi foydalanishdi-ku. Endi bu ro‘yxat Rossiyaning ta’sir doirasida transchegaraviy tus oladimi?” deya savol qo‘ygan Mednikova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston bir qator rossiyalik deputatlarning mamlakatga kirishini taqiqlagani xabar qilingandi. Ularning orasida Rossiya MDH mamlakatlari instituti xodimi va tarixchi Andrey Grozin, Davlat Dumasi deputatlari Yevgeniy Fedorov, Vyacheslav Nikonov va Petr Tolstoy, shuningdek, Konstantin Zatulin kabi shaxslar bor.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi