Qozog‘istonga transport kirishiga cheklov joriy etildi
Olam
−
07 iyul 11148 2 daqiqa
Endi bitta transport vositasi Qozog‘istonga bir sutka ichida faqat bir marta kirishi mumkin. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni hukumatda o‘tkazilgan brifingda Energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxon Tutqishboyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda yonilg‘i-moylash materiallarining chegara orqali noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amal qilmoqda. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, amaldagi choralardan biri qo‘shni davlatlardan transport vositalarining kirishini cheklash bo‘lgan.
“Hozirda qo‘shni davlatlardan yuk va yengil transport vositalari Qozog‘iston hududiga sutkasiga bir martadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kirishi mumkinligi haqidagi chora amal qilmoqda”, deydi Qayirxon Tutqishboyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yonilg‘ining “kulrang” eksportiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Hozirgi vaqtda asosiy ish yonilg‘ini yashirincha olib chiqib ketish uchun foydalaniladigan qo‘shimcha yonilg‘i baklari bo‘lgan avtomobillarni aniqlashga qaratilgan. Bu ish bilan Ichki ishlar vazirligi, Moliyaviy monitoring agentligi, Chegara xizmati va bojxona organlari hamkorlikda shug‘ullanmoqda”, deydi Tutqishboyev.
Mulozimning aytishicha, chegaraoldi hududlarda yonilg‘ini noqonuniy olib chiqib ketishga urinayotgan qoidabuzarlar muntazam ravishda aniqlanmoqda.
“Bugungi kunda Qozog‘istondan yonilg‘i-moylash materiallarining yashirincha olib chiqib ketilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksi amal qilmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq benzin tanqisligi fonida Qozog‘istonda ikki sutka ichida mamlakatdan yonilg‘i olib chiqib ketishga bo‘lgan 60 dan ortiq urinishning oldi olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiRyutte NATOni futbolga o‘xshatdi
07 iyul