Qozog‘istonga kelgan Si Szinpin samolyotiga qiruvchi samolyot hamrohlik qildi
Olam
−
02 iyul
25854Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonning Ostona shahriga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samolyotiga qiruvchi samolyot hamrohlik qildi. Buni Oqo‘rda bergan xabardagi surat tasdiqlaydi.
“KazTAG” nashri joriy yilning 30 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin samolyotining Ostonaga kelishi uchun ularga qiruvchi samolyot hamrohlik qilishi haqida yozgan edi.
Undan bir kun oldin, 29 iyun kuni esa Qozog‘iston Fuqarolik aviatsiyasi qo‘mitasi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida mamlakat Mudofaa vazirligi o‘z samolyotlarining o‘quv parvozini amalga oshirayotgani, shu munosabat bilan Ostona aeroporti faoliyatini vaqtincha cheklaganini e’lon qilgandi.
Qozog‘iston rasmiylari sammit uchun jiddiy xavfsizlik choralari joriy etilganini ma’lum qildi. Respublika Ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi kuchaytirilgan xizmat tartibiga, poytaxtdagi muassasalar xodimlari masofaviy ishlashga o‘tkazilgan, bog‘chalar yopilishi kutilmoqda. Rasmiylar, shuningdek, bugun, 2 iyuldan boshlab Ostonada SHHT sammiti munosabati bilan terrorizmga qarshi operatsiya o‘tkazish uchun maxsus rejim joriy etilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Si Szinpin Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga kelgandi.
LiveBarchasi