Qozog‘istondan xushxabar keldi
Sport
−
17 Sentabr 2019
6869Bugun, 17 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahri mezbonlik qilayotgan sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatida ayollar kurashi bo‘yicha saralash bahslari va yunon-rum kurashida medallar uchun kurashadigan sportchilar gilamda o‘zaro bahslashadi.
Unga ko‘ra ayollar kurashida o‘zbekistonlik Dauletbike Yaxshimuratova (50 kilogramm) hamda Aktenge Keunimjayeva (53 kilogramm) Tokio-2020 olimpiadasi yo‘llanmalariga ega chiqish uchun kurashsa, yana bir O‘zbekiston vakili Sevara Eshmuratova (55 kilogramm) kurashadigan vazn toifasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagani bois u faqat jahon chempionligi uchun bellashadi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha kechagi bahslar yakuniga ko‘ra terma jamoamiz a’zolaridan Elmurat Tasmuradov va Jalg‘asboy Berdimuratov chempionlik uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘lgandi. Ammo, ularni mag‘lub etgan polvonlarning finalga qadar yetib borishi o‘zbek sportchilariga bronza medali hamda olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatini taqdim etdi.
Dastlab terma jamoaning tajribali sportchisi, Rio Olimpiadasi sovrindori Elmurat Tasmuradov (60 kilogramm) 3-o‘rin uchun kechgan bahsda moldovalik Viktor Siobanu bilan o‘zaro bellashdi va murosasiz kechgan bahsda yurtdoshimizning qo‘li baland keldi. Natijada Tasmuratov bugun kechki dasturda bronza medali uchun kurashadigan bo‘ldi. Ammo, asosiysi Elmurat olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ushbu yo‘nalishdagi yana bir sportchi Jalg‘asboy Berdimuratov (77 kilogramm) esa Litva terma jamoasi a’zosi Paulius Galkinasga qarshi bahs olib bordi.
Qiziqarli kechgan bahsda Jalg‘asboy raqibidan ustun keldi va 3-o‘rin uchun kurashish imkoniyati bilan birga Tokio olimpiadasi yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi.
Endi u bronza medali uchun kechadigan bahsda mezbon kurashchi Asxat Dilmuhammedovga qarshi gilamga chiqadi.
Ta’kidlash kerak, ayni paytga kelib o‘zbekistonlik sportchilarning Tokio-2020 olimpiadasi uchun qo‘lga kiritgan litsenziyalari soni yettitaga yetdi.
LiveBarchasi