Qozog‘istondagi yong‘inda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Olam
−
30 noyabr 2023
4661Qozog‘istonning Olmaota shahridagi hostelda sodir bo‘lgan yong‘inda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham qurbon bo‘ldi. Bu haqda Olmaota politsiya departamenti xabar berdi.
Departament hosteldagi yong‘in oqibatida halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi.
“Vafot etgan 13 kishidan to‘rt nafari xorijlik. Rossiya Federatsiyasi fuqarolari – ikki kishi, yana ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek, to‘qqiz nafar Qozog‘iston fuqarosi. Sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi”, deyiladi departament xabarida.
Yong‘in ortidan favqulodda holat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 noyabr kuni soat 05:33 atrofida Olmaota shahrining Adi Sharipov ko‘chasida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyat vaqtida ichkarida 72 kishi bo‘lgan. Ularning aksariyati evakuatsiya qilingan. Qutqaruvchilar yetib kelgach, 13 kishining jasadi topilgan. Shuningdek, ikki kishi shifoxonaga yetkazilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlar karbon monoksit (is gazi)dan zaharlanish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Yong‘in sodir bo‘lgan hududga o‘t o‘chirish xizmatining 46 nafar xodimi va Olmaota Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 13 ta texnikasi jalb qilingan.
Yong‘in va o‘lim sabablari aniqlanmoqda.
LiveBarchasi