Qozog‘istondagi konda ikki ishchi halok bo‘ldi

Olam

image

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi “Sayak-3” konida uglerod oksidi chiqishi oqibatida ikki ishchi halok bo‘ldi. Bu haqda konga egalik qiluvchi “Kazaxmis” guruhi matbuot xizmati xabar berdi.

“Hodisaning holatlari va sabablari aniqlanmoqda, fojiali voqeani tergov qilish uchun maxsus komissiya tuzildi. “Kazaxmis” kompaniyasi rahbariyati va jamoasi halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamda chuqur hamdardlik bildiradi. Ularning oilalariga barcha zarur yordam ko‘rsatiladi”, deyiladi xabarda.

“Kazaxmis” voqea oqibatida jarohatlanganlar qancha ekaniga aniqlik kiritmasdan, shifoxonalarga yuborilganini qayd etdi. Ayni paytda Qarag‘anda viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi “Kazinform” agentligiga uchinchi konchi qattiq zaharlangani haqida xabar berdi. Hozir u Balxash shahridagi shifoxonada.

“Kursiv.kz” xabariga ko‘ra, viloyat politsiyasi ishchilarning o‘limi yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Tog‘-kon yoki qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi mehnat inspeksiyasi bo‘limi hodisani tekshirish bo‘yicha komissiya tuzilganini ma’lum qildi. Unga Qarag‘anda viloyati bo‘yicha bosh mehnat inspektori rahbarlik qiladi.

“egov.kz” ma’lumotlariga ko‘ra, "Kazaxmis Korporatsiyasi” MCHJ Kazakhmys Copper kompaniyasining egasi bo‘lib, uning 100% aksiyalari Niderlandiyaning KCC B.V. xoldingi tomonidan nazorat qilinadi.

KASE’da e’lon qilingan hisobotlar shuni ko‘rsatadiki, yakuniy benefitsiar KCC B.V. 70% aksiyalarga egalik qiluvchi Vladimir Kim, yana 30% korporatsiya boshqaruvining sobiq raisi Eduard Ogayga tegishli.

Qozog‘istonda tog‘-kon sanoati korxonalarida ko‘pincha avariyalar sodir bo‘lib, odamlar qurbon bo‘ladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Qozog‘iston kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Jambil viloyatidagi Jaysan konida avariya oqibatida ikki konchi halok bo‘lgan edi.

Muhammad Hodiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston kon Qarag'anda Sayak-3

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made