Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolarining bo‘lish muddati uzaytirilishi mumkin
Jamiyat
−
06 noyabr 2019
3412Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolarining bo‘lish muddati uzaytirilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga borgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti a’zolari bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi faollashganligini, shuningdek ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro safarlari ko‘payganligini inobatga olib, konsullik sohasidagi ayrim masalalarni, jumladan, Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolari bo‘ladigan muddatni uzaytirish masalasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
O‘z so‘zida Tanzila Norboyeva O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona hamda ahil qo‘shnichilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, tobora rivojlanayotganligini, aniq yo‘nalishlarda, jumladan, parlamentlararo hamkorlik sohasida yangicha mazmun bilan boyitilganligini ta’kidlagan.
Uchrashuvda Senat rahbari ham ikki tomonlama aloqalarda, ham turli dolzarb masalalarni hal etishda parlament diplomatiyasi eng muhim tashqi siyosiy resurs sifatida e’tirof etilishini ta’kidladi.
Parlament diplomatiyasi bu bilan nafaqat o‘zaro ishonchni chuqurlashtirishga, balki siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Jumladan, Tanzila Norboyeva hududlarda faoliyat olib boruvchi deputatlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirishni taklif qildi. Bu joylarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.