Qozog‘istonda O‘zbekiston avtobusi ag‘darildi. Ikki kishi halok bo‘ldi
Olam
−
13 may 2022
11080Kecha, 12 may kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati Jaulin tumanida Olma-ota – Toshkent yo‘lining 571-kilometrida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yo‘lovchi avtobusi ag‘darildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi yordamchisi va yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTH ob-havo sharoitining yomonlashishi (yomg‘ir va do‘l) tufayli ro‘y bergan, avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda harakatlanayotgan traktor tirkamasi bilan to‘qnashib ketgan.
Jambil viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea joyiga Jaulin tumanida to‘qqizta tibbiyot brigadasi yetib borgan.
Jualin tumani shifoxonasining tez tibbiy yordam bo‘limiga yo‘lovchi avtobusi halokati munosabati bilan 48 nafar o‘zbekistonlik jabrlanuvchi murojaat qilgan. Ularning 38 nafari erkak, to‘qqiz nafari ayol va biri bola. 16 nafar bemor shifoxonaga yotqizilgan, ulardan to‘rt nafari reanimatsiya bo‘limida, 12 nafari jarrohlik bo‘limida. Qabul bo‘limining diagnostika xonalarida 12 nafar bemor shifokor nazoratida qolmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 345-moddasi 4-qismi (Transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga olib kelgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Kerakli tekshiruvlar tayinlangan.
LiveBarchasi