Qozog‘istonda sobiq ichki ishlar vaziri qamaldi
Olam
−
09 avgust
6335Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev 2022 yilning yanvar oyidagi namoyishlarga doir ish bo‘yicha mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topildi va shartli ravishda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Ostona tumanlararo sudida davlat ayblovchisi Turgumbayevga besh yillik qamoq jazosi berishni so‘ragan. Sud esa sobiq ichki ishlar rahbari o‘z aybiga iqror bo‘lgani, chin ko‘ngildan pushaymonligi, ilk bor jinoyat sodir etgani, shuningdek, jinoyat tarkibida korrupsiya holati yo‘qligini inobatga olib, Turgumbayevga nisbatan shartli jazo tayinlagan.
Shuningdek, Yerlan Turgumbayev 10 yil muddatgacha muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum etildi. Sud, shuningdek, Qozog‘iston Prezidentiga Turgumbayevni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish taklifini bergan.
IIVning sobiq rahbari joriy yilning aprel oyida Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 362-moddasi (og‘ir oqibatlarga olib kelgan hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) 4-qismi bilan gumonlanib hibsga olingan edi. Ushbu moddaning eng yuqori jazosi esa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun, Turgumbayev 2019 yildan 2022 yil fevral oyigacha Qozog‘iston IIV rahbari lavozimida ishlagan, shundan so‘ng Prezident Qosim-Jomart To‘qayev uni lavozimidan ozod etib, o‘zining maslahatchisi etib tayinlagan. 2023 yilda u Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi maslahatchisi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda norozilik aksiyalari 2022 yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Jumabay Karag‘ayev Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gaz narxining asossiz oshirilishiga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.
LiveBarchasi