Qozog‘istonda odamlar o‘zi xohlagan tilida gapiradi – To‘qayev

Olam

image

Qozog‘istonda shaxsiy muloqotda va ommaviy chiqishlar jarayonida odamlarni qaysidir tilda gapirishga majburlashga hech kimning haqqi yo‘q. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 24 aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston xalq assambleyasi sessiyasida co‘z ochdi. 

Prezidentga ko‘ra, endi mamlakat ichidagi til borasidagi mavzuga to‘laqonli chek qo‘yiladi va qoidani buzganlar qonuniy ravishda jazolanadi.

“Jamiyatimizda ixtilof chiqarish, mamlakat ichidagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida bu mavzudagi barcha ig‘vogarona harakatlarga chek qo‘yiladi va qonun bilan jazolanadi. Provokatorlar haqida gapirganda, men nafaqat “aqldan ozganlar”ni, balki chet eldan buyurtma asosida, xorijiy tashkilotlar mablag‘lari hisobiga buzg‘unchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarni ham nazarda tutyapman”, deydi To‘qayev.

Prezident jamiyatni parchalash va bo‘lib tashlash uchun ishlayotganlarga qonun butun qat’iyligi bilan javob berishi, noqonuniy harakat qilganlar jazoga tortilishi haqida ogohlantirgan.

Uning ta’kidlashicha, birlik va hamjihatlik yo‘lida mehnat qilgan fuqarolar hamisha alohida e’zozda bo‘ladi.

“Donni po‘choqdan, konstruktiv tanqidni yoppasiga tanqiddan, beozor parodiyani jirkanch haqoratlardan ajrata bilish muhim. Qonun oldida hamma teng. Shuning uchun biz mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va tinchlikka raxna solishga qaratilgan har qanday ig‘vogarlik va fitnalarga, kim tomonidan bo‘lmasin, chek qo‘ydik va qat’iy chek qo‘yamiz. Shuni ta’kidlash kerakki, ayrim inson huquqlari tashkilotlari, blogerlar va jurnalistlar o‘zlarini so‘z erkinligi tarafdorlari sifatida ko‘rsatib, Qozog‘istonda hamma joyda va hamma narsada salbiy siyosiy niqob qidirishga harakat qilmoqda, ular keng ravishda provokatsiyalar uyushtirmoqda. Bu chet elga ketgan va u yerdan xalqimizga qarshi haq to‘lanadigan hujumlar uyushtirayotgan, hatto davlat organlarimizni shantaj qilishga urinayotgan sobiq Qozog‘iston fuqarolariga ham tegishli. Bugungi kunda ko‘pchilik uchun sir emaski, ular bu bilan o‘zlariga ajratilgan chet el mablag‘larini shunchaki o‘zlashtirmoqda. Ular demokratiya deb, qisqa qilib aytiladigan bo‘lsa, chet el puliga harakat qilmoqda. Shuni yaxshi anglab olish kerakki, xorijda mamlakatimiz farovonligi, jumladan, demokratiyaning rivojlanishi hech kimni tashvishga solmaydi”, deya aytib o‘tgan Qozog‘iston rahbari.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda hech qachon odamlarni millati, tili yoki diniga qarab kamsitish bo‘lmagan. Barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar berilgan.

“Haqiqiy adolat mana shunda, bu adolatli davlatning asosiy tamoyili sanaladi. Yana bir bor takrorlamoqchiman: birdamlik va tinchlik bizning asosiy qadriyatlarimizdan biridir. Bu davlat siyosatining asosiy tamoyili bo‘lib, biz unga kelajakda ham amal qilamiz. Aynan shu strategiya tufayli turli millat vakillari bir oila farzandlaridek, barcha uchun umumiy bo‘lgan uyda do‘stlik va hamjihatlikda yashamoqda. Bu yutuq chuqur ma’noga ega”, degan davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing