Qozog‘istonda “qonli yanvar” voqealarida o‘g‘irlangan qurollar topildi
Olam
−
29 Sentabr 2025 8307 2 daqiqa
Joriy yilning sentyabr oy davomida Qozog‘istonning 12 ta hududida 60 dan ortiq qurol va to‘rt ming o‘q-dori topildi. Bu haqda mamlakatning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xabar berdi.
Qidiruv tadbirlari Olmaota va Chimkent shaharlarida, shuningdek, Atirau, Jambil, Qarag‘anda, Qizilo‘rda, Olmaota, G‘arbiy Qozog‘iston, Turkiston viloyatlarida hamda Ulitau, Abay va Yettisuv viloyatlarida olib borilgan.
Xabarga ko‘ra, tadbirda 62 ta qurol, jumladan, uchta Kalashnikov avtomati, 16 ta to‘pponcha, 43 ta ov miltig‘i, to‘rtta granata va 4000 dan ortiq o‘q-dori musodara qilingan. 2022 yilning yanvar oyida o‘nta qurolni o‘g‘irlaganlarning shaxsi aniqlangan.

Biroq Milliy xavfsizlik qo‘mitasi ushbu qurol aynan qayerda va qanday sharoitda topilganini ochiqlamagan.
Uch yildan ortiq vaqt davomida huquq-tartibot idoralari vaqti-vaqti bilan 2022 yil yanvar voqealari chog‘ida o‘g‘irlangan qurol va o‘q-dorilar topilgani va olib qo‘yilgani haqida xabar berib keladi. Biroq joriy yilning aprel oyida Ichki ishlar vazirligi huquq-tartibot idoralari tomonidan 2022 yil yanvar voqealari vaqtida o‘g‘irlangan qurollardan ancha ko‘p qurol musodara etilgani haqida ma’lum qilgan, biroq ular tartibsizliklar paytida qurol do‘konlaridan o‘g‘irlangan qurollar ekanini aniqlay olmagan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan buyon MXQ “inqiroz davrida” yo‘qolgan 608 ta qurolni musodara qilgan. Avvalroq, “Vlasti”ning so‘roviga javoban, Ichki ishlar vazirligi yanvar voqealari paytida o‘g‘irlangan 1700 dan ortiq qurol-yarog‘ qayerda ekani ma’lum emasligi haqida xabar bergan edi.
O‘sha yilning yanvar oyida Olmaota va Qozog‘istonning boshqa shaharlarida suyultirilgan gaz narxi oshishi sababli ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Olmaotada namoyishlar qurollangan odamlar ishtirokidagi tartibsizliklarga aylangan, namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgani xabar qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tartibsizliklarda 238 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri “yanvar voqealari” bo‘yicha qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi