Qozog‘istonda favqulodda vaziyat rejimi joriy etildi
Olam
−
31 yanvar 2020
13190O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi (Qozog‘iston) elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilning 27 yanvar kuni ichida 52 nafar yo‘lovchi, jumladan, 42 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus Shimoliy Qozog‘iston viloyati hududida qorda qolib ketgan va yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan yevakuatsiya qilingan. 30 yanvar kuni avtobus marshrut bo‘yicha harakatlanishda davom etgan. Bu haqda O‘zbekiston TIV xabar bermoqda.
Elchixonaning ma’lum qilishicha, anomal ob-havo sharoiti tufayli Qozog‘istonning qator hududlarida favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan, muhim avtotrassalar yopilgan.
Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qish mavsumida Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratishlarini so‘ramoqda.
“Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, tranzit bilan boshqa davlatga o‘tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (telefon: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (telefon: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (telefon: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi