Qozog‘istonda bolalar uchun maxsus sim-kartalar joriy etildi

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota shahrida bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus sim-kartalar ishga tushirildi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokurori Berik Asilov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Olmaotada “SIM KID” nomli pilot loyiha yo‘lga qo‘yilgan va u mahalliy mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu sim-kartalar bolalarni zararli internet kontentdan himoya qilishga mo‘ljallangan. Jumladan, ular o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi, narkotik moddalar, onlayn qimorxona va boshqa buzg‘unchi materiallarga kirishni avtomatik tarzda cheklaydi. 

Shuningdek, ota-onalar ushbu sim-karta orqali bolaning qanday ilovalardan foydalanayotganini ko‘rishi, istalmagan saytlar va dasturlarga kirishni bloklashi, hatto telefon ovozsiz (tinch) rejimda bo‘lsa ham unga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin bo‘ladi.

“Bu bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan sim-karta bo‘lib, u o‘z joniga qasd qilish, pornografiya, narkotiklar, qimor o‘yinlari va boshqa internet tahdidlaridan himoya qilish funksiyalariga ega. Ota-onalar bu orqali farzandlarining foydalanayotgan ilovalarini ko‘ra oladi, xavfli resurslarga kirishni cheklaydi va bolaga telefon ovozsiz bo‘lsa ham qo‘ng‘iroq qilishi mumkin bo‘ladi”, dedi Berik Asilov.

Pilot loyiha sinov bosqichi yakunlangach, uni butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish rejalashtirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endilikda 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar Instagram’da onlayn jonli efirni boshlashdan oldin ota-onasining ruxsatini olishlari talab etilishi xabar qilingan edi. Shuningdek, ilova endi o‘smir foydalanuvchilarga ota-onasining roziligisiz “yalang‘ochlikdan himoya” funksiyasini o‘chirib qo‘yishga ham ruxsat bermaydi. Ushbu funksiya shubhali tasvirlarni xiralashtirib ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Olmaota sim-karta SIM KID

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing