Qozog‘istonda blogerlar noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani uchun jazo belgilanmoqda
Olam
−
29 iyun 2023
3593Qozog‘iston Senati deputatlari blogerlar noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani uchun jarima va soliqqa tortilishini ko‘zda tutuvchi “Onlayn platformalar va onlayn reklama to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda “Press.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun bilan onlayn platformalar va onlayn reklama sohasi davlat tomonidan tartibga solinadi, ular faoliyatining huquqiy asosi belgilanadi. Shu bilan birga, mazkur qonun bilan onlayn platformalar foydalanuvchilarining huquq va majburiyatlari ham belgilab beriladi.
“Qonunning maqsadi onlayn platformalar faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash, shuningdek, onlayn reklamani ishlab chiqarish, joylashtirish, tarqatish va saqlash, noqonuniy kontentning oldini olish va ularga chek qo‘yishdan iborat. Qonunning vazifalari onlayn platformalar faoliyatining shaffofligini saqlash va axborot makonining xavfsizligini ta’minlashdan iborat”, deydi mahalliy deputat Oygul Kapbarova.
Qonunda onlayn platformalarda noqonuniy kontentning oldini olish va bolalarni ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlardan himoya qilish bo‘yicha ham normalar belgilangan.
Shuningdek, Qozog‘iston qonunlarida belgilangan doirada shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlashda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlaydigan normalar qayd etilgan.
Onlayn platformalar egalari va qonuniy vakillariga inson va fuqarolarning hayoti yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi noqonuniy kontent aniqlangan taqdirda darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qilish, shuningdek akkauntlar faoliyatini to‘xtatib turish majburiyati joriy etilgan.
Parlament tomonidan qabul qilingan ushbu qonun Qozog‘iston Prezidentiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 yilda Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 sentyabrdagi 707-son qaroriga kirtilgan o‘zgarishga binoan saytlar va blogerlar ularga bildirilgan izohlar uchun javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilgandi.
LiveBarchasi