Qozog‘istonda AQSH Savdo vazirligining veb-sayti bloklandi
Olam
−
04 Sentabr 2023
5455Qozog‘istonda AQSH Savdo vazirligi sanoat va xavfsizlik byurosining sayti bloklandi. Bu haqda kecha, 3 sentyabr kuni “Orda” xabar berdi.
Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi esa sayt “qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatganligi” uchun bloklanganini bildirgan.
“21 ta fishing resurslari, jumladan, bis.doc.gov sayti bo‘yicha ularga kirishni cheklash to‘g‘risida tegishli buyruq tayyorlanib, ijroga yuborildi”, deydi vazirlik matbuot kotibi Nurbek Amisha.
Shuningdek, u OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgani haqidagi xabar tarqatayotgan veb-saytlarga kirishni cheklayotgani haqidagi iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.
Nurbek Amisha qo‘shimcha tekshiruvdan so‘ng saytga kirish qayta tiklanishi mumkinligini istisno qilmagan.
Ma’lumot uchun, AQSH Savdo vazirligining Sanoat va xavfsizlik byurosi veb-saytida “Kazakhstan” tegi bilan qidiruv berilganda, AQSH Moliya vazirligining 27 apreldagi hisobotini topish mumkin. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda AQSH Savdo vazirligi vakili ishtirokida delegatsiya ishlagan va ular Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ta’minlash choralarini muhokama qilgan.
“Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksi uchun materiallarni noqonuniy sotib olishga bo‘lgan sa’y-harakatlari kuchayganligi sababli, delegatsiyalar katta tashvish tug‘diradigan ikki tomonlama foydalanish oqimlarini muhokama qildi va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash harakatlarining kuchayishiga qarshi hushyor bo‘lishga chaqirdi”, deyiladi hisobotda.
Qozog‘iston vakolatli organining byuro veb-saytini blokirovka qilish haqidagi buyrug‘i ham shu yilning 27 aprelida qabul qilingan.
LiveBarchasi