Qozog‘istonda AES qurishga qarshi chiqqanlar jazolandi

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaotada shahridagi sudda mamlakatda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishiga qarshi chiqqan besh nafar faol – Aydar Muborakov, Nurlan Jaulibayev, Foziljon Sidiqov, Nurlan Temirg‘aliyev va Janat Qozoqboyning har biriga 4 yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda “Kaztag” xabar berdi.

Qayd etilishicha, avval prokuratura ularni 5 yil koloniyaga yuborishni talab qilgan. Faollar o‘tgan yilning 6 oktyabrida AES bo‘yicha ovoz berish kuni tartibsizliklar uyushtirmoqchi bo‘lganlikda ayblangan. 

Tergov ularni kuch ishlatish, yong‘in chiqarish, mol-mulkni yo‘q qilish, qurol va portlovchi moddalar qo‘llash orqali hokimiyatga qarshi qurolli qarshilik ko‘rsatishni rejalashtirgan, deb ta’kidlagan. 

Ayblanuvchilar esa buni inkor etib, faqat AES qurilishiga qarshi fikr bildirganini, qo‘zg‘olon uyushtirish niyatida bo‘lmaganini aytgan. Ularning advokatlari ham kuch ishlatar idoralar da’vosini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini qayd etgan. 

Sudya hukmni e’lon qilgach, sud zalida yig‘ilganlar faollarga olqishlar yog‘dirgan. 

O‘tgan yili referendum arafasida olti shahar – Olmaota, Aqtobe, Pavlodar, Petropavlovsk, Oral va Chimkent hokimliklari AESga qarshi mitinglar o‘tkazishga ruxsat bermagan, biroq odamlar baribir norozilik chiqishlarini o‘tkazgan. Olmaotada politsiya 10 dan ortiq kishini ushlab ketgan, shundan besh nafari keyinchalik jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 7 oktyabr kuni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat aholisi orasida o‘tkazilgan ovoz berishda 71 foizdan ortiq odam AES qurilishiga rozilik bildirganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Atom energetikasi agentligi xalqaro ekspertlar ishtirokida mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium rahbari sifatida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasini tanlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston AES Olmaota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing