Qozog‘istonda 74 yoshli ayol lift shaxtasiga qulab halok bo‘ldi
3-sahifa
−
14 avgust 2023
4201Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi yangi shahar hududida 74 yoshli ayol lift shaxtasiga qulab halok bo‘ldi. Bu haqda shahar hokimligi uy-joy munosabatlari va uy-joy inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i Talgat Usenbayevga tayanib, “Kazinform” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea yangi shahar hududida qurilgan uylardan birida sodir bo‘lgan. Ta’mirlash ishlari davomida lift kabinasi beshinchi qavatda to‘xtatilgan va barcha qavatlardagi eshiklar yopib qo‘yilgan. Biroq 74 yoshli fuqaro eshikni ochib, lift shaxtasiga qulab tushgan.
“Ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli barcha eshiklar yopiq edi. Marhuma eshikni qanday ochgani aniqlanmoqda”, deydi Talgat Usenbayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 32 yoshli ayol 4 kun davomida liftda qamalib qolib, vafot etgan edi. Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuraturaning dastlabki bayonotida jamoatchilikda ushbu voqea bo‘yicha bildirilayotgan taxminlar tergovga qadar tekshiruv davomida to‘liq tekshirilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ma’lum qilindi.
Gap shundaki, ko‘p qavatli uyda yashovchilar ushbu lift elektr uzilishlari tufayli bir necha kundan buyon ishlamayotgani, oldin ham nosozlik holatlari ko‘p takrorlangani haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, shifokorlarning dastlabki tibbiy ma’lumotnomasida marhumaning o‘limiga yurakning ishemik kasalligi, o‘tkir yurak, qontomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi