Qozog‘iston ham fuqarolarini Ukrainada qolmaslikka chaqirdi
Olam
−
10 Oktabr 2022
4787Qozog‘istonning Kiyevdagi elchixonasi vatandoshlarini Ukraina hududiga sayohat qilmaslikka va iloji bo‘lsa, bu mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 10 oktyabr kuni diplomatik vakolatxona matbuot xizmati xabar berdi.
“Ukraina bo‘ylab fuqarolik infratuzilmasi va davlat ob’ektlariga hujumlar kuchayishi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi elchixonasi o‘z fuqarolarini Ukrainaga sayohat qilishdan tiyilishga, mamlakatda bo‘lganlarni esa havo hujumi signallarini e’tiborsiz qoldirmaslikka va bombadan yashirinish uchun boshpanalarda qolishga chaqiradi”, deyiladi elchixonaning Telegram-kanalida chop etilgan xabarda.
Bundan tashqari, diplomatik missiya Qozog‘iston fuqarolaridan iloji bo‘lsa, Ukraina hududini tark etishlarini ishonchli tarzda so‘ragan.
Avvalroq, AQSHning Ukrainadagi elchixonasi ham fuqarolardan mamlakatni tark etishni so‘ragandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
LiveBarchasi