Qozog‘iston janubi suv ostida qoldi (video)
Olam
−
15 may 2020
24537Qozog‘istonning Turkiston viloyati va Chimkent shahriga kuchli tabiiy ofat yopirildi. To‘xtovsiz yomg‘ir yog‘ishi natijasida, hududlarga kuchli sel keldi. Mahalliy daryolar o‘zanidan toshqib ketdi.
Natijada Chimkentda butun mittituman evakuatsiya qilindi. O‘nlab xonadonlar zarar ko‘rdi. Shahar hokimi kutilayotgan ofatdan ogohlantirmagani uchun amaldorlarni jazolashga ko‘rsatma bergan.
Turkiston viloyatida uchta qishloq aholisi evakuatsiya qilingan. Qo‘shni qishloqlar ham xavf ostida qolgan. Sinoptiklar yaqin kunlarda yog‘ingarchilik davom etishini bashorat qilyapti.
Turkiston viloyatida kuchli yomg‘ir yog‘ishi 13 may kuni boshlanib, bir sutka davom etdi. Bu vaqt ichida bir oylik yog‘in tushdi. Natijada Tolebiy tumanidan oqib o‘tuvchi Kaskas daryosi o‘zanidan toshib ketdi va qishloqlarni suv bosa boshladi.
“Afsuski, Langer shahrida va Tolebiy tumanidagi qishloqlarda yuzlab xonadonlarni suv bosdi. Suv darajasi 10 santimetrdan yuqori. 8 bosh qoramol halok bo‘ldi. Hozir u yerda 150 dan ko‘p odam ishlayapti. Uchta qishloq aholisi evakuatsiya qilindi”, deydi Turkiston viloyati hokimi o‘rinbosari Saken Kalkamanov.
Toshqin viloyatning yana ikki tumani – Qazig‘urt va Baydibekda ham kuzatilgan. 522 ta xonadonni suv bosgan va 258 kishi evakuatsiya qilingan. Hududda maxsus shtab tuzilib, mahalliy darajada favqulodda holat e’lon qilingan.
“Boshqa rayonlarni ham suv bosish xavfi bor. Biz bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma ishni qilyapmiz. Bizning mutaxassasilar quyoshli kunlar kelmaguncha shay holatda bo‘ladi. Zarurat tug‘ilsa, qo‘shimcha yordam so‘raymiz”, degan Turkiston viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti (FVD) boshlig‘i Bakitjan Zaparov.
Aris daryosining suvi ham ko‘tarilgan. Suv ko‘prikni oqizib ketgan, shuning uchun Aris-Chimkent yo‘nalishi yopib qo‘yilgan. Chimkentning o‘zi ham zarar ko‘rgan. Suv Tolebiy tumanidan Yeltay mittitumaniga kelgan. Mahalliy aholini tezda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. 300 ga yaqin odam qarindoshlarinikiga ketgan, 6 nafari evakuatsiya punktida qolgan.
Chimkentda qutqaruv ishlariga FVDning 57 nafar xodimi va 14 ta texnikasi jalb qilingan. Qutqaruvchilar ariqlarni ochib, ba’zi joylardagi suvni nasos bilan tortib olyapti. Hozircha vaziyat barqaror. Ammo kuchli yomg‘ir takrorlansa, shahar yana suv ostida qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 may kuni Sirdaryodagi "Sardoba" suv omborining yorilishi natijasida, qo‘shni Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumanida toshqin yuz bergandi. bir nechta qishloqni suv bosib, odamlarning uyini vafron qilgandi.
LiveBarchasi