Qozog‘iston va Rossiya orasidagi tovar aylanmasi 30 mlrd dollarga yaqinlashmoqda
Olam
−
11 noyabr 2025 2617 2 daqiqa
Qozog‘iston va Rossiya savdo aylanmasi 30 milliard dollarga yaqinlashmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Prezidentga ko‘ra, uning Moskvaga tashrifi doirasida Qozog‘iston va Rossiya munosabatlarini har tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzolash rejalashtirilgan. Bu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi yangi bosqichni ochib, o‘zaro ishonchning yuqori darajasini hamda barcha yo‘nalishlarda yanada yaqin hamkorlikka tayyorlikni tasdiqlaydi.
To‘qayev, shuningdek, Rossiya Qozog‘istonning eng yirik tashqi savdo hamkorlari uchligiga kirishi, Qozog‘iston esa Rossiya uchun asosiy savdo hamkorlari beshligidan o‘rin olishini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi barqaror o‘smoqda va 30 milliard dollarga yaqinlashmoqda. Investitsion hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Rossiyalik investorlar Qozog‘iston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish bo‘yicha yetakchilar qatorida bo‘lib, bu mamlakatning investitsion jozibadorligi va davlatlar o‘rtasidagi mustahkam iqtisodiy aloqalardan dalolat beradi.
Uning aytishicha, Qozog‘iston va Rossiya sanoat kooperatsiyasining asosi 50 milliard dollardan ortiq qiymatga ega 170 dan ziyod qo‘shma loyihalardan iborat. Umuman olganda, Qozog‘iston hududida Rossiya kapitaliga ega 20 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.
To‘qayevning ta’kidlashicha, hamkorlikda energetika alohida o‘rin tutadi. Qozog‘iston Rossiya energiya resurslarini Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlariga uzluksiz tranzit qilmoqda, shuningdek, energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, To‘qayev 11-12 noyabr kunlari Putin taklifiga binoan Rossiyaga borishi haqida xabar berilgandi. Tashrif davomida tomonlar Rossiya-Qozog‘iston strategik hamkorligini siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qiladi.
Live
Barchasi