Qozog‘iston va Misr o‘zaro vizasiz rejimni joriy qilmoqchi
Olam
−
27 may 2023
3082Qozog‘iston va Misr davlatlari o‘rtasida 14 kun davomida o‘zaro vizasiz rejim joriy etilishi kutilyapti. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri Asxat Oralovning Misr Arab Respublikasining Qozog‘istondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manal Elshinnavi bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
“Misr qozog‘istonlik sayyohlar uchun eng mashhur uchinchi yo‘nalish bo‘lib, mamlakatimiz Qozog‘iston bilan o‘zaro 14 kunlik vizasiz rejimni joriy etishdan manfaatdor. Bu chora ikki yo‘nalishda sayyohlar oqimini oshirishi mumkin”, degan elchi Manal Elshinnavi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri Asxat Oralov mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif qilgan.
“Biz ham bu masala ustida ishlaymiz. Qozog‘istonning Misrdan kelgan mehmonlarga takliflari, jumladan, mamlakatimiz turizm sohasidagi investitsiya loyihalari ham bor”, degan Oralov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda Qozog‘iston delegatsiyasi Misrga “Az-Zahir Beybaris" masjidining ochilish marosimida va Sulton Beybarsga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18-20 may kunlari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan 23 ta hujjatni, shu jumladan, viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. Bitimga muvofiq, Qozog‘iston va Xitoy fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan e’tiboran 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatni nazarda tutadi.
LiveBarchasi