Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kubometrgacha rus gazini yetkazib berishi mumkin
Jamiyat
−
15 avgust 2023
6617Qozog‘iston hukumati Rossiya gazini O‘zbekistonga 1,5 milliarddan 10 milliard kub metrgacha tranzit qilish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi.
“Hozir biz 1,5 milliard kubometrdan 10 milliard kub metrgacha gaz tranzitini muhokama qilmoqdamiz. O‘zbekistonga rossiyalik hamkasblarning zarur hajmda gaz eksport qilishga tayyorligiga qarab ta’minot hajmi yanada oshishi mumkin”, deydi Satkaliyev.
Uning fikricha, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladi.
“Qozog‘iston uchun bu tranzit qo‘shimcha daromad olish bilan bog‘liq. Gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Siz bilasizki, gazni ichki bozorga yetkazib berish “Qozoqgaz” uchun foydasiz, shuning uchun ham, umuman olganda, tranzitdan olinadigan qo‘shimcha daromad “Qozoqgaz”ga yukni kamaytiradi va ta’mirlash dasturi, investitsiya dasturini amalga oshirish uchun nisbatan barqaror daromad bilan ta’minlaydi”, deya tushuntirgan u.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Uch tomonlama gaz ittifoqi”ni yaratish taklifi bilan chiqqandi. Bu ittifoqqa O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston davlatlarining kirishi ko‘zda tutilgan. Avvalroq Qozog‘iston Rossiyadan “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tashkil etish bo‘yicha rasmiy taklif olmaganini билдирди.
Kreml ushbu loyihaning mohiyatini quyidagicha izohlagan: birinchi bosqichda muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish, kelajakda ham ichki, ham tashqi bozorlar uchun gaz yetkazib berish va tashish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Rossiya Energetika vaziri Nikolay Shulginov iyun oyida “Gazprom” tomonidan Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorlari bilan yil boshida imzolangan yo‘l xaritalari asosida ittifoq tuzish bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini aytgan.
11 avgust kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Birichevskiy “gaz sohasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirishga” boshqa davlatlar tomonidan qiziqish bildirilayotganini aytgan.
Biroq bu bayonot Turkmanistonda xavotir uyg‘otdi. “Turkmangaz” davlat konserni raisi o‘rinbosari Mirad Archayevning aytishicha, bunday loyihalar Pekinga gaz yetkazib berish bo‘yicha respublika manfaatlariga daxl qiladi. Ayni paytda turkman gazi quvur orqali Markaziy Osiyo respublikasi gazining asosiy iste’molchisi bo‘lgan Xitoyga yetkaziladi.
Oldinroq Xitoyga yirik hajmdagi gaz yetkazib beruvchi Turkmaniston Rossiyani Turkmaniston-Xitoy gaz quvuriga ulashdan bosh tortgandi.
LiveBarchasi