Qozog‘iston o‘lim jazosini Konstitutsion tartibda bekor qilmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston hukumati mamlakatda o‘lim jazosini bekor qilish istagida. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 16 mart kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi. 

Prezident o‘lim jazosini bekor qilishni mamlakat Konstitutsiyasiga kiritishni taklif qildi. 

“O‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni nihoyat birlashtirish uchun Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarur, deb hisoblayman”, deydi u. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda yanvar oyi boshida sodir bo‘lgan tartibsizliklar oqibatida hibsga olingan sakkiz kishi tergov davomidagi qiynoqlar sabab vafot etgan. Sharqiy Qozog‘iston viloyatida uch kishi, Olma-ota viloyatida uch kishi va Olma-ota shahrida ikki kishi vafot etgan. Qiynoqlar oqibatida odamlarning o‘limi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha sakkizta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

To‘qayev xalqqa murojaatida tergov hibsxonalaridagi qiynoqlar masalasiga ham to‘xtaldi.

"Qiynoqlar bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda tizimli yondashuvni joriy etish muhim. Bugungi kunga qadar bu sohaga mas’ul bo‘lgan aniq organ mavjud emas. Bunday amaliyot ma’lum xavf-xatarlar bilan bog‘liq. Shu bois, ushbu funksiyalarni Bosh prokuratura zimmasiga yuklashni taklif qilaman”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida mamlakat Bosh prokurori Berik Asilov 243 ta qiynoq holatlari bo‘yicha 9 nafar huquq-tartibot xodimi hibsga olinganini aytgan. Ulardan sakkiz nafari Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, yana biri esa ichki ishlar xodimi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qiynoqlar va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari bo‘yicha 243 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

1

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing