Qozog‘iston televideniyesida qozoq tilining ulushi 60 foizgacha oshiriladi
Olam
−
17 aprel
1729Qozog‘istonda 2027 yilga borib, qozoq tilidagi tele va radioeshittirishlar hajmi hozirgi 50 foizdan 60 foizga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi bugun, 17 aprel kuni Qozog‘iston parlamenti Majlisida qabul qilindi.
“Televideniye va radioeshittirishlar umumiy hajmining davlat tilida tarqatilishiga talab va mahalliy kontent hajmi 2025 yildan 55 foizga, 2027 yildan 60 foizgacha oshiriladi”, deyiladi Majlisning ijtimoiy-madaniy rivojlanish qo‘mitasining xulosasida.
Shu bilan birga, qonun loyihasida Qozog‘iston telekanallari va radiolarining haftalik ko‘rsatuvlari hajmida xorijiy teleradio dasturlarni retranslyatsiya qilish hajmini 20 foizdan 10 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, onlayn nashrlar va axborot agentliklarini yagona “Internet nashriyot” konsepsiyasiga birlashtirish rejalashtirilmoqda. Qayd etilishicha, onlayn nashrlar ommaviy axborot vositalarining turlaridan biri sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Qonun loyihasiga ko‘ra, axborot agentligining xabar va materiallarini boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatishda axborot agentligining majburiy havolasiga murojaat qilish talab qilinadi.
Shuningdek, qonun loyihasida ommaviy axborot vositalari materiallariga nisbatan da’vo muddatini bir yil qilib belgilash taklif etilmoqda. Amaldagi qonunchilikda bunday da’vo muddati mavjud emas. Kimdir ularni sudga bergan taqdirda, tahririyat nashrlarni tayyorlashda foydalanilgan materiallarni doimiy ravishda saqlashi kerak bo‘ladi.
“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun parlament tomonidan qabul qilingandan so‘ng parlament Senati yuqori palatasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida rossiyalik shovinist tarixchi Mixail Smolin Rossiyaning NTV kanalida uyushtirilgan tok-shouda o‘zbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar 1917 yilgacha mavjud bo‘lmaganini iddao qilganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining o‘sha paytdagi rahbari Minhojiddin Mirzo aholini zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallari hamda ularning internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi. O‘shanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham O‘zbekistonda ta’lim va televideniyeda rus tilidan foydalanishni qisqartirishni taklif qilgan edi.
Komila Latipova
LiveBarchasi