Qozog‘iston Rossiya ustidan shikoyat qildi

Olam

image

Qozog‘iston hukumati Rossiya bilan chegaradagi navbatlar va Rossiya migratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklar bo‘yicha Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga (YeIK) murojaat yubordi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ostona yuzaga kelgan vaziyatni “tashqi savdoga to‘sqinlik qiluvchi to‘siq” deb e’tirof etmoqchi. Masala joriy yilning 13 oktyabr kuni YeIK yig‘ilishida, shuningdek, 7 noyabr kuni Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi Hukumatlararo hamkorlik komissiyasi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Bayonotning asosiy qismi chet ellik fuqarolarning Rossiyaga kirish-chiqish qoidalaridagi yangi tartiblarga bag‘ishlangan. Amaldagi qonunga ko‘ra, endi mamlakat hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bir yil ichida 90 kundan ortiq qolish mumkin emas – kirish va chiqish sonidan qat’i nazar. Ilgari bu muddat 180 kun edi.

Mazkur cheklovlar xalqaro tashuvlar bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, bu muddat Rossiya va Belarus uchun umumiy tarzda hisoblanadi.

Qozog‘iston hukumatining eslatishicha, mamlakatda bu boradagi qoidalar ancha yumshoq: chet elliklar ro‘yxatdan o‘tmasdan olti oy davomida 90 kungacha bo‘lishlari mumkin. Bu cheklov xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga tatbiq etilmaydi. Bu me’yorlar xalqaro amaliyotga to‘liq mos keladi.

Majlis (parlament) deputati Bolatbek Najmetdinulining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning yangi qoidalari nafaqat xalqaro tashuvchilarni, balki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida faoliyat yurituvchi haydovchilarni ham qamrab olgan.

Uning aytishicha, ko‘plab haydovchilar allaqachon ruxsat etilgan qolish muddatini tugatgan va ishga qaytish uchun yangi yilni kutishga majbur. 90 kunlik muddatni oshirib yuborgan ayrim haydovchilar esa qo‘lga olingan va Rossiyani tark etish haqida ogohlantirish olgan.

Bayonotda qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyidan boshlangan “kulrang import”ga qarshi tekshiruvlar ham chegaradagi vaziyatni murakkablashtirgan. Qozog‘iston hukumatining ma’lum qilishicha, qo‘shimcha nazorat yuk tashuvchi transport vositalarining tekshiruv vaqtini uzaytirgan.

Qayd etish joiz, Qozog‘iston-Rossiya chegarasidagi navbatlar joriy yilning sentyabridan beri saqlanib qolmoqda. Rasmiy tomonlar jiddiy muammolar yo‘qligini ta’kidlashsa-da, Qozog‘iston OAVlari ayrim yuk mashinalari Rossiya tomonida uzoq tekshiruvlardan qo‘rqib, Qozog‘iston hududida qolayotganini xabar qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston migratsiya qonunchiligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing