Qozog‘iston Rossiya bilan urushga tayyorlanyaptimi?

Olam

image

Bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari Ostona Rossiya bilan chegarada hududiy mudofaa brigadalarining eng yirik guruhini joylashtirishi haqida xabar tarqatdi. Aytilishicha, Qozog‘iston Rossiya bilan ziddiyat yuzaga kelishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu mazmundagi xabarlarga Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi izoh berib, ular feyk ekanini bildirdi.

“Qator xorijiy ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston Respublikasining “Hududiy mudofaa to‘g‘risida”gi qonuni loyihasiga taalluqli xabarlar munosabati bilan, Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi faktlarni buzib ko‘rsatish va nohaq talqin qilishning oldini olish maqsadida rasmiy tushuntirishlar berish zarur, deb hisoblaydi.

Bu qonun loyihasi faqat mamlakat ichki xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, unda Rossiyaga qarshi kayfiyat mavjud emas”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Bildirilishicha, “Hududiy mudofaa to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qozog‘iston milliy xavfsizlik tizimini modernizatsiya qilish doirasida ishlab chiqilgan. Uning maqsadi harbiy holat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar davrida ichki barqarorlikni ta’minlash, aholi, infratuzilma va hududiy yaxlitlikni himoya qilishdan iborat. 

“Hududiy mudofaa brigadalarini joylashtirish tashqi tahdidlarga qarshi emas, balki hududlarning moddiy-texnik, geografik va demografik xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda”, deyiladi Qozog‘iston Mudofaa vazirligi xabarida.

Vazirlik, shuningdek, hududiy mudofaa bo‘linmalarida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ishtiroki ko‘zda tutilmaganiga ham aniqlik kiritadi. qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi hech bir davlatga qarshi qaratilmagan va u muayyan yo‘nalishdagi tahdidni aks ettiruvchi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

“Rossiya Qozog‘istonning strategik hamkori bo‘lib, u bilan KXSHT, MDH, SHHT va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlari saqlanib kelmoqda.

Shunday qilib, Qozog‘iston Respublikasining “Hududiy mudofaa to‘g‘risida”gi qonun loyihasining Rossiyaga qarshi yo‘naltirilganligi haqidagi da’volar haqiqatga mos kelmaydi va davom etayotgan jarayonlarning mohiyatini buzadi”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, kecha, 24 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi sessiyasida Rossiya Qozog‘istonning asosiy strategik sherigi va ishonchli ittifoqchisi bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidlagan. Prezident, shuningdek, Qozog‘istonda millatlararo totuvlikka putur yetkazishga qaratilgan har qanday provokatsiya va ig‘volarga qat’iy chek qo‘yish zarurligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing