Qozog‘iston koronavirusning eng yomon ssenariysiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Olam
−
19 Sentabr 2020
9290Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi, Xavfsizlik kengashi raisi Nursulton Nazarboyev koronavirus bilan bog‘liq vaziyat izdan chiqib ketmasligi uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rish va eng xavfli ssenariyga tayyor turishni buyurdi. Ushbu masala Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida aholi salomatligi va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Eng avvalo, Nazarboyev koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda o‘z hissasini qo‘shgan shifokorlar, politsiya xodimlari, harbiy xizmatchilar va boshqa soha vakillarining fidokorona mehnatini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy mamlakat tibbiyot tizimi hozirgi epidemiologik tahdidlarga tayyorligi haqida ma’lumot bergan.
Nursulton Nazarboyev pandemiyaning global "ikkinchi to‘lqini"ga tayyorgarlik ko‘rish, resurslarni tayyorlash, keng qamrovli profilaktika choralarini ishlab chiqish zarurligini va kasallanish darajasini ishonchli baholash muhimligini ta’kidladi.
“Inqirozdan keyingi davrda rivojlanish prognozlari, tahdidlar va imkoniyatlarning konseptual ko‘rinishini ishlab chiqish zarur. Dunyodagi mavjud vaziyatni inobatga olgan holda yana rivojlanish rejasini ko‘rib chiqishimiz kerak. Biz pandemiyaning eng yomon ssenariysi va u bilan bog‘liq tahdidlarga tayyor bo‘lishimiz lozim”, deydi Xavfsizlik kengashi raisi Nazarboyev.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida huquqni muhofaza qilish idoralariga jinoyatchilik holatining yomonlashuvi va jinoyatchilik o‘sishining oldini olish, shuningdek, profilaktika choralarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
“Odamlarni oziq-ovqat va dori-darmon vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxlarining asossiz ko‘tarilishi va tariflar oshishining oldini olish, kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorgarlik ko‘rish va boshqa dolzarb strategik masalalar bo‘yicha choralar ko‘rish muhim”, deydi Nazarboyev.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar 107 199 nafarga yetdi. Ularning 101 822 nafari sog‘aygan, 1 671 kishi vafot etgan.
LiveBarchasi