Qozog‘iston Xitoyga boradigan yangi temiryo‘l qurishni boshladi

Olam

image

Qozog‘istonning Abay viloyatida 272 km uzunlikdagi Baxti-Ayag‘oz yangi temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlandi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.

Qurilish ishining rasmiy boshlanish marosimida telekonferensiya orqali Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov qatnashdi. Loyiha Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning Qozog‘istonning transport-tranzit salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlarini amalga oshirish doirasida amalga oshirilmoqda. Yangi liniya qurilishi davomida Xitoy bilan uchinchi Baxti – Chuguchak chegara punkti ochilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Baxti-Ayag‘oz temiryo‘l liniyasi Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi o‘tkazish qobiliyatini 28 million tonnadan qariyb 48 million tonnagacha oshiradi, janubiy nazorat-o‘tkazish punktlaridagi tirbandlikni bartaraf etadi va qo‘shimcha tranzit hajmini jalb qiladi. Ikki izli temiryo‘l 2027 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bildirilishicha, keng ko‘lamli loyiha xususiy investor ishtirokida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Qurilish jarayonida 11 ta stansiya, 47 ta ko‘prik, 23 ta temiryo‘l va 8 ta avtomobil yo‘l o‘tkazgichlari, 5 ta piyodalar ko‘prigi, 16 ta kuzatuv inshooti quriladi.

“Oxirgi besh yilda tranzit konteyner tashish hajmi 3,2 barobar oshdi. Mavjud tranzit yo‘laklari kengaytirilib, yangilari ochilmoqda. Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, shimol-janub va janubiy yo‘laklari alohida ahamiyat kasb etdi”, deydi Smailov.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, o‘tgan yili mustaqillikning 30 yilida Qozog‘iston temiryo‘llarida maksimal yuk tashish hajmi 245 milliard tonnani tashkil qilgan. Joriy yilda geosiyosiy vaziyat va infratuzilma cheklovlariga qaramay, ko‘rsatkichlar oshib bormoqda.

Smailovga ko‘ra, atigi uch yil ichida respublikada 1300 km dan ortiq temiryo‘l quriladi.

“Bularning barchasi nafaqat Abay viloyati, balki butun mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Baxti-Ayag‘oz loyihasining amalga oshirilishi Qozog‘iston temiryo‘llari tarmog‘ining jahon transport tizimiga integratsiyalashuvini ham tezlashtiradi”, deydi Smailov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Qozog‘istonning Turkiston viloyatida O‘zbekiston bilan chegaragacha bo‘lgan Darboza-Maqtaoral yangi temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Xitoy temir yo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing