Qozog‘iston IIV “Slovo patsana” serialini taqiqlamoqchi

Madaniyat-san’at

image

Qozog‘istonda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan va yoshlar orasida ommalashayotgan “Slovo patsana. Krov na asfalte” seriali ustidan yoshlar ongiga salbiy ta’siri uchun tekshiruv boshlandi. Bu haqda "Tengrinews" mahalliy nashri xabar berdi.  

Gap shundaki, Markaziy statistika qo‘mitasining brifingida jurnalistlar Ichki ishlar vazirligiga rus seriallarining qozog‘istonlik yoshlar uchun zarari haqidagi savol bilan yuzlangan. Shuningdek, ular "Ushbu serial mamlakatda taqiqlanishi mumkinmi", deya savol bergan.

Qo‘mitaga ko‘ra, shundan so‘ng IIV ushbu serialning qonuniyligini tahlil qilish talabi bilan Madaniyat va axborot vazirligiga xat jo‘natgan. Agar departament filmni xavfli, deb hisoblasa, “Slovo patsana. Krov na asfalte” Qozog‘istonda taqiqlanishi mumkin.

“Madaniyat va axborot vazirligi onlayn-platformalarni monitoring qilish bo‘yicha vakolatli organdir. Qonunga ko‘ra, noqonuniy kontent konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish, fuqarolarning yaxlitligini buzish, davlat xavfsizligiga putur yetkazuvchi, urush targ‘iboti, ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy, sinfiy, urug‘-aymoqchilik, shafqatsizlik va zo‘ravonlik madaniyati, o‘z joniga qasd qilish va pornografiya, giyohvandlikni targ‘ib qilsa, Madaniyat vazirligi ushbu serialni zararli deb topadi. Bunday holatda tegishli choralar ko‘riladi”, deydi IIV Ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Renat Zulxairov.

Ma’lumot uchun, serial voqealari o‘tgan asrning 80-yillarida Qozonda sodir bo‘ladi. Ziyoli oiladan bo‘lgan 14 yoshli Andrey "Universam" o‘smirlar to‘dasining a’zosiga aylanadi. Serialning katta shov-shuvga erishishiga ijtimoiy tarmoqlarda uning saundtrek va video parchalari tarqalayotgani ham sabab bo‘ldi. “Aigel” dueti ijrosidagi saundtrek ijtimoiy tarmoqlar va Shazam platformasida asosiy o‘rinlarni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekranlarga chiqishi bilan shov-shuvga erishgan "Barbie" filmi dunyo bo‘ylab bir nechta davlatda taqiqlandi. Xususan, dastavval  Vetnam, keyin Quvayt, undan so‘ng esa Jazoir va Rossiya filmga cheklovlarni e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston IIV Slovo patsana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing