Qozog‘iston Germaniyaga texnologiya evaziga xomashyo taklif qildi
Olam
−
17 Sentabr
4256Qozog‘iston Germaniyaga “texnologiya evaziga xomashyo” tamoyili bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsning uchrashuvida ma’lum qildi.
“Qozog‘iston nemis kompaniyalarini noyob tuproq metallarini birgalikda qidirish va qazib olishga taklif qilmoqda. Men mintaqada rudalarni birlamchi va ikkilamchi qayta ishlash bilan “texnologiya evaziga xomashyo” tamoyili bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilaman. Shu nuqtai nazardan, HMS Bergbau kompaniyasining Sharqiy Qozog‘iston viloyatida lityumni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 500 million dollardan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirishni mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Biz germaniyalik investorlarga mamlakatimiz hududida qimmatbaho va rangli metallar konlarini qidirish va o‘zlashtirish uchun qulay shart-sharoitlarni taqdim etishga tayyormiz”, dedi To‘qayev.
Shuningdek, u yevropalik hamkorlar ko‘magida Qozog‘iston texnologik prognozlash markazi negizida nodir yer metallari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif qildi.
Bildirilishicha, To‘qayev energetika sohasini ikki davlat hamkorligining yana bir ustuvor yo‘nalishi deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston Germaniya bozoriga neft eksportini oshirishga tayyor. Shuningdek, mamlakat Prezidenti uglevodorodlarni uzoq muddatli va barqaror yetkazib berishni ta’minlash uchun nemis hamkorlarining doimiy yordamiga ishonishini ma’lum qildi.
U, shuningdek, kecha, 16 sentyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston-Germaniya biznes-forumi chog‘ida respublika Yevropa Ittifoqiga neft yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini ta’kidlagan. Uning tushuntirishicha, bu global energiya resurslari tanqisligini kamaytirish uchun zarur.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 sentyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ostonada Germaniya federal kansleri Olaf Shols bilan tor va kengaytirilgan doirada muzokaralar o‘tkazgandi.
LiveBarchasi